Talabalar innovatsion loyihalarini taqdim qildi

Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nizomga muvofiq, tuman va shaharlardan saralab olingan 80 nafar ishtirokchi tanlovda o‘z start-ap loyihalari bilan ishtirok etdi.
Tanlovda har bir ishtirokchi o‘z loyihasidan kutilayotgan natijalarni ilmiy asoslab berdi. Hakamlar hay’ati tomonidan eng yuqori baholangan 20 nafar muallifning loyihasi tanlovda g‘olib deb topildi va ular respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
G‘olib bo‘lganlar ichida 6 nafari Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti talabalaridir.
- Mening innovatsion loyiham bugungi kunda dolzarb hisoblanadi, - dedi ushbu institut talabasi Husniddin Safarov. – Loyiham fermer xo‘jaliklarining suv sarfi bilan bog‘liq ishlarini tartibga soladi. Uning asosiy vazifasi suv sarfini o‘lchash va uni aniq prognozlarini mobil ilovalar orqali fermerga ko‘rsatib turishdan iborat.
- Chorva mollari, baliqchilik hamda parrandalar uchun ozuqa tayyorlash loyihasi ustida ishlayapman, - dedi yana bir talaba Azimjon Hamroyev. – Loyiha nomi Biofoodchicken bo‘lib, qora no‘xat, azola, reatka, beda va yantoqdan birgalikda ozuqa tayyorlanadi. Asosan mahsulotimiz granula holatida bo‘ladi va granulalar parranda turiga qarab har xil shaklda bo‘ladi. Masalan, go‘sht yo‘nalishidagi tovuqlarga 3 bosqichda ishlab chiqarganmiz. Bu oddiy kambikormadan ancha arzon va to‘yimli. Dastlab ozuqani broller tovuqlarda sinab ko‘rdim, natijasi yaxshi bo‘ldi. Endi katta tadbirkorlar bilan ishlayapman, ya’ni ozuqa sinov davrini o‘tayapti. Loyiha mahalliy bozorda yangi turdagi omuxta yem ishlab chiqarish maqsadida yaratildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, o‘tgan yilgi “Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichida 14 nafar samarqandlik ishtirokchilar g‘olib bo‘lgandi.