60 ming dollar evaziga uch nafar fuqaroni Meksika orqali AQShga o‘tkazib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Samarqand tumani “Sholg‘omon” mahallasida yashovchi 48 yoshli S.D. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, D.A. ismli shaxs uni va dugonasi U.N.ni hamda tanishi D.F.ni noqonuniy yo‘llar bilan Meksika davlati orqali Amerika Qo‘shma Shtatlari hududiga o‘tkazib berishini aytgan. Buning evaziga har biri uchun 20 ming AQSh dollaridan hisoblab, jami 60 ming AQSh dollari pul talab qilgan. Shuning uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu murojaat yuzasidan 24 yanvar kuni soat 17:00 larda Samarqand shahar Universitet xiyoboni yaqinida viloyat IIB jinoyatchilikka qarshi kurashish va DXX viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir jarayonida fuqaro D.A. S.D.dan firibgarlik yo‘li bilan 60 ming AQSh dollarini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, undan mavjud 60 ming dollar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

IIV huzuridagi tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan D.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.