61 yil kapsulada yashagan ayol
Hayotimiz davomida deyarli barchamiz taqdir bizga nisbatan adolatsiz ekanligi haqida noligan paytlarimiz bo‘lgan. Bugun sizga 60 yildan ziyod vaqt davomida kapsulada yashagan va taqdiridan nolimagan ayol Marta Meyson haqida hikoya qilmoqchimiz.
Marta 1937 yilda Amerikada mutlaqo sog‘lom tug‘ilib, 11 yoshgacha aqlli va xushchaqchaq o‘sdi. 1948 yilda Meysonlar oilasida baxtsizlik yuz berdi. Martaning akasi poliamelit kasalligidan vafot etdi. Ko‘p o‘tmay uning o‘zi bu kasallik alomatlarini seza boshladi.
Qiz bola yotoqqa mixlandi - deyarli bir oyda tana mushaklarining qurishi (atrofiya) boshlanib, u mustaqil ravishda nafas olish qobiliyatini yo‘qota boshladi. Marta kasalxonaga yoqizildi, uning har bir nafas olishi va nafas qaytarishi uchun javobgar sun’iy nafas olish apparati - kapsulaga joylashtirildi. Uning ichidagi havo bosimi doimiy ravishda o‘zgarib turar va bu qizchaning nafas olishini yengillashtirardi.
Shifokorlar Martaning ota-onasini u kapsula ichida bir yildan ortiq yashay olmasligi to‘g‘risida ogohlantirishdi, qizning sog‘ayib ketishi to‘g‘risida kafolat berishmadi. Aslida esa hamma narsa boshqacha bo‘lib chiqdi. U o‘zining yangi tanasiga aylanib qolgan sun’iy nafas olish apparatida 61 yil davomida «yashadi».
Sevimli ota-onasi va sodiq do‘stlari yordami bilan Marta o‘rta maktabni tugatdi, so‘ngra ikkita universitetni bitirib, jurnalist kasbini egalladi. Uni mahaliy gazetalarning birida ishga ham olishdi.
U qanday qilib maqola yozgan, deb o‘ylayotgandirsiz. Boshida Marta materialni onasiga aytib berar, onasi esa maqolani yozib, tahririyatga yuborardi. Keyinchalik qizning kompyuteriga ovozni aniqlash dasturi o‘rnatib berishdi va Marta mustaqil ravishda ishlashga muvaffaq bo‘ldi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, cheklangan hayot tarziga qaramasdan, Meyson hech qachon o‘z taqdiridan nolimadi. U butunlay boshqacha yashay olishi mumkinligini tushunardi. Lekin umuman yashamasligini ham bilardi-da. Hamma narsaning ijobiy tomonlarini izlashni o‘rgandi va kapsulaga o‘zining ikkinchi bo‘lagidek munosabatda bo‘lardi. Bundan tashqari, qizning barcha masalalarda unga yordam beradigan do‘stlari bor edi. O‘zini to‘la his qilishi uchun xonasida hatto tadbir va ziyofatlar o‘tkazardi. Marta hayotdan zavqlanishni va har qanday vaziyatda o‘tkazgan har bir kunini qadrlash kerakligini aniq tushungandi.
Meyson o‘zining hayoti to‘g‘risida «Nafas olish: sun’iy apparat ritmidagi hayot» nomli kitob yozdi.
Marta kapsula ichida 61 yil yashadi va shu vaqt ichida uni deyarli tark etmadi. Ruhi zaifroq odam sun’iy nafas olish apparatini qafas deb aytgan bo‘lardi. Ayol har kuni o‘zining «temir o‘pkalari»ga yashash imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirardi.
Marta Meyson 2009 yilda 71 yoshida vafot etdi. U o‘zining kuchli irodasi tufayli yashagan har bir kunining qadriga yeta oldi.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.