"7+" nima degani?
– Dada, televizorimiz ekranida shunaqa raqamlar paydo bo‘lib qolyapti. Nima bu?
– Bu ko‘rsatuv va film yetti yoshdan kattalar uchun, yosh bolalar esa "Bolajon"ni ko‘rsin degani, – dedim.
Ammo o‘g‘limning yuz ifodasidan bildimki, bu uning savoliga anchayin to‘mtoq javob edi. O‘zimda esa ba’zi mulohazalar paydo bo‘ldi...
Maishiy va axborot imkoniyatlarimizning ortib borayotgani ba’zida o‘zligimizga, ma’naviyatimizga pinhona tahdid solayotgandek. Xususan, "ommaviy madaniyat" targ‘ibotchilari axloqsizlik g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirishda televideniye, internet va boshqa kommunikatsiya texnologiyalaridan muhim vosita o‘rnida foydalanayotgani bunga yaqqol misol.
2017 yil 8 sentyabrda qabul qilingan "Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun ayni shu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ularning oldini olishga qaratilgani bilan muhim bo‘ldi.
Mazkur qonunning bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni tasniflash hamda axborot mahsulotining yoshga doir tasnifi 3-bobda batafsil yoritilgan. Xususan, o‘z joniga qasd qilish, bolalarda alkogolli va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish, ota-onaga hurmatsizlik, oilaviy qadriyatlarni inkor etuvchi, pornografik xususiyatga ega bo‘lgan axborotlar bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsulotlari jumlasiga kiritilgan. Yoshga doir toifa belgisi uning namoyishi boshlangandan so‘ng hamda har bir reklama tanaffusidan keyin ekranning burchagida kamida sakkiz soniya davomida namoyish qilinishi lozim. Ammo ayrim telekanallar hanuzgacha bunday qoida talablariga e’tiborsiz ekani tushunarsiz holat.
Shuningdek, qonunda axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi uni bolalarning yosh toifalaridan biriga kiritish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan. Telekanallarda "0+, 7+, 12+, 16+, 18+" kabi eslatmalar katta yoshdagi tomoshabinni, xususan, ota-onalarni sergak torttirishi lozim. Ekranda "7+" yozuvi paydo bo‘ldimi demak, ko‘rsatuv yoki filmda yetti yoshdan kichik farzandingiz ko‘rishi mumkin bo‘lmagan ko‘rinish mavjud.
Ayrim telekanallar va internet tarmoqlarida turli g‘ayriodatiy harakatlar, shafqatsizlik targ‘ib qilingan videoroliklarning namoyish etilishi va undan yoshlar salbiy ko‘nikma hosil qilishi, hatto uni amalda sinab ko‘rish holatlari uchramoqda. Oqibatda o‘ta shafqatsiz va jamiyat uchun xatarli jinoyatlar paydo bo‘lyapti, turli ijtimoiy tarmoqlarning ma’lumotlarni saralamasdan taqdim qilayotgani esa ba’zi yoshlarni kiberqahramon bo‘lishga undashi shubhasiz.
Afsuski, rasmiy axborot manbalari, xususan, davlat telekanallari ham bevosita, ba’zan esa bilvosita bu g‘arazgo‘ylarning tegirmoniga suv quyayotgandek. Xususan, so‘nggi paytlarda televideniyeda "jinoyat va jazo" rukni ostida berilayotgan ko‘rsatuvlar shafqatsizlik, zo‘ravonlik kabi faktlar bilan namoyish etilayotgani ko‘p uchraydi. Albatta, bu holatda ta’sirchanlikni oshirish, jinoyatchilikning yomon oqibatlarini ko‘rsatib berish maqsad qilingan.
Ammo shuni ham nazardan qochirmaslik kerakki, televizor qarshisida hali ongu shuuri shakllanib ulgurmagan, hayotiy ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan yoshlar bor. Bu ayrim holatlarda inson ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi, hatto yaxshi maqsadda tayyorlangan ko‘rsatuvning teskari natija berishiga sabab bo‘lish ehtimoli katta.
Sulaymon MARDIYeV.