7 oy davomida kommunal xizmatlar uchun qarzdorlik 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etdi

Jamiyat shunday bir mexanizmki, uning ahamiyatsiz bo‘lagi bo‘lmaydi. Ba’zilar uchun arzimas tuyulgan kamchilik pirovardida umumiy taraqqiyotimizga to‘g‘anoq bo‘lib turaveradi. Shu sababli davlatimiz rahbari islohotlar qamrovini kengaytirish, barcha sohalarning bir tekis rivojlanishiga imkoniyat yaratish choralarini ko‘rmoqda. Jamiyatga, taraqqiyotimizga to‘g‘anoq bo‘layotgan holatlarga barham berilayotir.
Ammo islohotlar jarayonining shunday jihatlari borki, u bevosita sizu bizning davlatimiz va o‘z taqdirimizga mas’uliyatimiz, huquqiy savodxonlik va ma’naviy saviyamizga bog‘liq. Bu o‘rinda eng og‘riqli soha bo‘lgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar tizimini nazarda tutyapmiz.
Keyingi yillarda bu yo‘nalishda juda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotidagi bu ijobiy o‘zgarishlarni barchamiz ko‘rib turibmiz. Sohadagi o‘g‘irlik va korrupsiya, o‘zibo‘larchilik va isrofgarchilikni yo‘qotish maqsadida pul tushumlarining nazorati majburiy ijro byurosi tasarrufiga o‘tkazildi, elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.
Ming afsuski, barcha harakat va xarajatlardan ko‘ngildagidek samaraga erisha olmayapmiz. Negaki pul tushumida izchillik va tartib yo‘qligi tufayli sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish juda qiyin kechyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, elektr, gaz va suv to‘lovi ko‘rsatilgan xizmatlarning 77 foizini tashkil etayapti, xolos. Boshqacha aytganda, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanayapmizu, uning 23 foiz pulini to‘lamayapmiz.
Ehtimol, ba’zilarga bu raqam arzimasdek tuyular, biroq ana shu uch sohadan qarzdorlik birinchi avgustga qadar 700 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etayotgani barchamizni tashvishga solishi kerak.
Keling, ushbu raqamlar mazmunini bir chaqib ko‘raylik. Bugungi kunda elektr energiyasi ta’minotidan viloyat bo‘yicha 402 milliard so‘m qarzdorlik mavjud. Achinarlisi shundaki, qarzdorlik shu yilning 700 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etayotgani 78 milliard so‘mga ko‘paygan. Bu qarzning 234 millard so‘mi aholi zimmasiga tushayapti. Demak, bizning qo‘shnimiz, qarindoshimiz, tanishimiz yillar davomida bunday to‘lovlardan bo‘yin tovlab kelayapti. Tabiiy gazdan ham aholi qarzdorligi 300 milliard so‘mdan oshib ketgan.
Endi tasavvur qiling, ana shu mablag‘ tegishli tashkilot hisob raqamiga o‘z vaqtida kelib tushsa, bu pulga qancha TP, GRP va boshqa zamonaviy uskunalar olish mumkin? Byudjetga soliq sifatida tushgandan tashqari bu pulga qancha maktabu bolalar bog‘chasi qurish mumkin?
Bizning istagimiz, iltimosimiz shuki, har bir odam bu savolni vijdoni oldida o‘ziga berib, javobini izlab ko‘rsin.
Bilamiz, hali MIB tizimi izchil yo‘lga tushgan emas, ilgari sohada o‘g‘irlik qilgan elektr va gaz idorasining ayrim xodimlari hamon nafsini jilovlab olmagan. Ammo sohada albatta, tartib o‘rnatiladi, har kim o‘z bahosini oladi.
Bu jarayonda samarqandlik har bir fuqaro faol fuqarolik pozitsiyada turishi, kamchiliklarni aniqlashda va ularni bartaraf etishda soha mutaxassislariga yordam berishi zarur. Viloyat hokimligi qadimiy, muqaddas yurt insonlari, eng avvalo, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar, mahalla faollari bizning murojaatimizga labbay, deb javob berishiga ishonadi.
Yana bir gap. Elektr, gaz, ichimlik suvi yonimizdagi ariqdan tekinga oqib yotgan narsa emaski, undan istagan paytda, istagancha olaversak. Bu beminnat ne’matlar katta mehnat va mablag‘ hisobiga yaratiladi. Shu sababli bu ne’matlarni isrof qilish, uning haqini to‘lamaslik noshukurlik bilan barabor. Bu haqiqatni avvalo o‘zimiz anglab yetaylik va so‘ng bolalarimizga, tanishlarimizga tushuntiraylik.