73 foiz o‘quvchilar shifoxonada "suyunchi puli" so‘ralganini aytmoqda, bu porami yoki suyunchi?
“Kichkina tabib” filmida o‘zini majburlikdan soqovga solib yurgan Mashrab akaning “Gapirishga tilim bor, lekin haqqim yo‘q...” degan iqrori ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lsa, tug‘ruqxonadagi mashmashalar ham jamiyatda shunchalik “mashhur” bo‘lib ketgan. Xo‘sh, bularning bir-biriga qanday aloqasi bor, dersiz. Aslida hamma gap shunda.
Odamlar qanday fikrda?
Yaqinda kanalimizda “Tug‘ruqxonalarda “suyunchi puli” so‘rashyaptimi?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazgan edik. So‘rovnomada 73 foiz ishtirokchi “Ha, so‘rashyapti” degan javobni tanlagan bo‘lsa, 15 foizi o‘zi “suyunchi puli” berayotganini, 9 foiz kuzatuvchi bunday holatga duch kelmaganini bildirgan.
Shuningdek, ishtirokchilar izohlarda pul bermasa, bemorga hech kim qaramasligi, aslida, bu korrupsiya ekanligi, kimdir shifokor va dorixonachilar bilan til biriktirib olgani, boshqasi bu holat nega nazoratga olinmayotganini yozgan.
So‘nggi yillarda tug‘ruqxonalarning moddiy texnik bazasi yaxshilangani, soha xodimlarining maoshi ko‘paygani, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshgani hamda noyob jarrohlik amaliyotlari zamonaviy texnologiyalar yordamida bajarilayotgani haqida ko‘p gapiriladi. Ammo so‘rovnoma natijasi va kuzatuvchilar qoldirgan fikrlardan ham ko‘rinib turibdiki, sohada va aynan tug‘ruqxonalarda “suyunchi puli” so‘rash, korrupsiya holatlari hozir ham uchramoqda.
Suyunchimi yoki pora?
Yaqinda farzandli bo‘ldim. Tug‘ruqxonada shifokor va hamshiralar chaqaloq tug‘ilishi bilan “suyunchi” so‘rashni boshladi. Avvaliga pul bermadim, ammo yarim tunda ayolim sog‘lig‘i yomonlashgani, hech kim xabar olmayotgani va hamshiralar suyunchi puli so‘rayotganini aytdi. Albatta, bu vaziyatda xotinimnning salomatligini o‘ylab, shifokor va hamshiralarga pul berdim. O‘sha zahoti ularning munosabati o‘zgarib, tug‘ruqxonadan javob berguncha ayolimdan xabar olib turishdi.
Mashrab akaning “Gapirishga tilim bor, lekin haqqim yo‘q...” degan holatini tushundim. Endi o‘ylab ko‘ring, bu porami yoki suyunchi? Deylik, chaqaloq tug‘ilganda minnatdorchilik yuzasidan suyunchi berish kerakdir, ammo suyunchini rozi bo‘lib, porani og‘rinib berganning farqi bor.
Uch kunlik chaqaloqqa dabdaba nima kerak?
Tug‘ruqxonalar haqida gap ketganda, chaqaloq tug‘ilgandan keyin qilinayotgan dabdababozlik haqida ham to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Qadimda bir oilada farzand tug‘ilganda unga yaxshi ism qo‘yish, halol narsalar bilan tanglayini ko‘tarish, aqiqa, ehson qilish, qon chiqarish, daraxt ekish va boshqa shu kabi amallar bajarilgan. Hozir-chi?
Bahaybat o‘yinchoq ayiqlar, guldasta ko‘targan bolalar, karnay-surnaychilar jamoasi, bezatilgan mashinalar, ularni videoga olayotgan kameralar... Bularning barchasi bitta chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqish uchun qilingan. Bugun aksariyat tug‘ruqxonalarda holat shunday. Lol qolasan kishi, 3-4 kunlik go‘dakka bunday dabdababozlik kerakmi?
To‘g‘ri, hammaning orzu-havasi bor, lekin bu orzularning ham chegarasi bo‘lishi kerakku. Tug‘ruqxonaga har xil sharoitdagi bemor keladi. Kimningdir oilasi o‘ziga to‘q, bunday dabdabaga qurbi yetishi mumkin. Lekin oramizda zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan, bitta doriga amallab pul topayotganlar bor, ular pulni qayerdan oladi? Nahotki bu kabi hashamlar ba’zi odamlarning ko‘ngliga tegishini o‘ylamaymiz. Bu jarayonda faqat bemorlar, ularning yaqinlari emas, balki tug‘ruqxonalar mas’ullarining ham aybi bor. Chunki hududda shunday dabdaba o‘tkazishga imkon yaratib berishmoqda va nazoratga olinmayapti.
Bu orqali tizimni yoki tibbiyot xodimlarini yomonotliqqa chiqarishdan yiroqmiz. Ammo yuqoridagi kabi holatlar tizimda yo‘qligiga odamlarni ishontirish shu soha mas’ullari va tizimda faoliyat yuritayotganlarning vazifasi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.