9, 10, 11 iyun kunlari Samarqandda triatlon bo‘yicha bir qator xalqaro musobaqalar bo‘lib o‘tadi

9 iyun kuni O‘zbekiston tarixida birinchi marta «Paratriatlon bo‘yicha Osiyo chempionati 2023, Samarqand» bo‘lib o‘tadi.

Ushbu nufuzli tadbir Respublikani sport olamida yangi bosqichga olib chiqadi va jahon triatlon reytingida mamlakatga qo‘shimcha ball olib keladi.

Chempionatda dunyo bo‘ylab 80 nafar sportchi qatnashadi. Shu jumladan, 9 toifa: jismoniy cheklovlar va ko‘rish imkoniyati buzilgan sportchilar, juftlik sprint masofasida (750 metr masofaga suzish, 20 kilometr velosiped poygasi va 5 kilometr yugurish) kuch sinashadi.

10 iyun kuni «Triatlon bo‘yicha Osiyo Kubogi 2023, Samarqand» bo‘lib o‘tadi.

Ushbu musobaqada dunyoning eng yaxshi 50 nafar ayol va 50 nafar erkak sportchilari ishtirok etadi.

Elita toifasidagi sportchilar standart/Olimpiya masofalarida (1500 metr masofaga suzish, 40 kilometr velosiped poygasi, 10 kilometr yugurish) kuch sinashadi.

Shu kuni Osiyo kubogi doirasida O‘rta Osiyo sportchilarini (SATA – Central Asia triatlon Association) alohida hisobda taqdirlash o‘tkaziladi.

11 iyun kuni «Triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 2023, Samarqand» bo‘lib o‘tadi.

Unda Elite, U23 va U15 toifalari o‘rtasida standart va super-sprint masofasida triatlon bo‘yicha milliy va o‘smirlar terma jamoasiga tanlov o‘tkaziladi.

Shuningdek, shu kuni 300 nafar havaskorlar (triatlonchi bo‘lmagan) shaxsiy va jamoaviy testlarda qatnashadi. Ikki masofada: Olimpiya (1500 metr masofaga suzish, 40 kilometr velosiped poygasi, 10 kilometr yugurish) super-sprint (350 metr masofaga suzish, 13 kilometr velosiped poygasi, 3 kilometr yugurish) bellashuvlari tashkil etiladi.

Musobaqalar Samarqand eshkak eshish kanali hududida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi ushbu tadbirlarning asosiy tashkilotchisi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu tadbir Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va para-olimpiya qo‘mitasi ko‘magida o‘tkaziladi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:     90-194-85-22.

Tashkiliy qo‘mita.