“A+B”: ayrim yoshlar vandalizmni ko‘cha san’ati deb o‘ylaydigan ko‘rinadi
San’at turfa xil ko‘rinishga ega. Musiqa, raqs, rassomchilik, haykaltaroshlik – bular uning eng ommabop va bizga yaxshi tanish shakllari. Biroq boshqa sohalar singari san’at ham rivojlanish, takomillashishda davom etyapti.
Bugun tobora ommalashib borayotgan san’at turlaridan biri ko‘cha san’atidir. Ko‘pchilik uni yangi yo‘nalish deb biladi. Aslida uning tarixi o‘tgan asr yo ming yilliklardan ham qadimiy. Ba’zi manbalarda keltirilishicha, ushbu san’at turining shakllanishi paleolit davriga borib taqaladi. O‘sha davrdayoq odamlar qoyatoshlarga turli suratlarni tushirishgan. Qadimgi Yunoniston va Rimda esa devorlarni chiroyli yozuv va suratlar bilan bezash urf bo‘lgan. Uning alohida san’at turiga aylanishi o‘rta asrning 60 yillariga to‘g‘ri keladi. Hozir ko‘cha san’ati maqsadi va uslubidan kelib chiqib "postgarfti", "neografti", "metro san’ati", "portizan san’ati" kabi turlarga bo‘linadi.
Yurtimizda ham ko‘cha san’ati rivojlanib bormoqda. Hatto uni rivojlantirish bo‘yicha hukumat darajasida tasdiqlangan loyihalar bor. Shuning hisobiga ko‘chalarimizda grafiti, teg, asfaltga tushilgan rasmlar soni ko‘paymoqda. Biroq ularning qaysidir biri kishiga zavq bersa, boshqasi dillarni xira qiladi. Sababi ba’zi “ijodkor”lar san’atni vandalizm bilan adashtirib yubormoqda. Tarixiy binolar, muqaddas qadamjolarni “A+B”, “Seni sevaman M...” singari dil izhorlari, ma’no-mazmunsiz, haqoratli yozuvlar, beo‘xshov suratlar bilan bejash san’atmi? Daraxtlarni o‘yib, ismini yozish-chi? Bu ko‘proq madaniyatsizlik ifodasidir.
Afsuski, bu madaniyatsizlik keyingi yillarda zamonaviy madaniyat sifatida talqin qilinib, yoshlar orasida tobora ommalish bormoqda. Bugun bejalmagan maktab devorlari, ko‘p qavatli binolar yo‘lagu podezdlarini topish qiyin bo‘lib qoldi. Eng ko‘p tajavuz millatimiz yuzi bo‘lgan tarixiy obidalarga bo‘layotgani ham hech kimga sir emas. Bu ketishda nima bo‘ladi? Kim biladi?
Umida SATTOROVA,
talaba.