Abdulaziz Komilov: "Migrant bo‘lish oson emas. Bu ashaddiy sinov"
7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi yarim yillikdagi faoliyati haqida axboroti eshitildi.
Abdulaziz Komilov o‘z hisobotida koronavirus pandemiyasi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi sharoitida Tashqi ishlar vazirligi o‘z funksional vazifalari doirasida xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 11 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolariga moddiy yordam ko‘rsatilgani, 95 mingdan ortiq fuqarolar o‘z Vataniga qaytarilgani, shuningdek, mamlakatdagi 7 mingdan ortiq xorijiy fuqarolarni o‘z yurtlariga yuborilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, o‘z nutqida tashqi ishlar vaziri o‘zbekistonlik mehnat migrantlari va ularga yordam berish bo‘yicha keng ko‘lamli davlat darsturini ishlab chiqish kerakligi hamda ularga sharoitlar yaratib berishda vazirlik qo‘ldan kelgancha harakat qilayotgani haqida so‘z olib bordi.
«Migrant bo‘lish oson emas. Bu ashaddiy sinov. Migrantlar muammolarini aysberg singari ko‘zga ko‘ringan qismini muhokama qilayapmiz. Bu muammoni hal qilish uchun kompleks yondashuv bo‘lishi kerak. Chet elda sarson bo‘lib yurgan vatandoshimizni to‘xtatib, Vatanga qaytasanmi, deb so‘rasangiz, qaytaman, menga ish topib beringlar deydi. Halol mehnat bilan daromad topib, oilamni boqaman. Agar shuni ta’minlab bersanglar, hozir qaytaman, bu yerda yashash oson emas, deydi. Migrantlarga yordam berish bo‘yicha keng ko‘lamli davlat dasturi bo‘lishi kerak.
Chet eldagi yurtdoshlarimizni migrant deyishga til bormaydi. Albatta, ularning orasida har xili bor. Lekin ko‘pchiligi vatanparvar, vatanni sevadi, bugun desangiz — bugun qaytishga tayyor. Biz sharoitlarni yaratib berishimiz kerak…
Vatandoshlarimizga qo‘ldan kelguncha yordam beramiz. Lekin muammolarimiz ham yo‘q emas. Moskva okrugidagi konsulxonada 4 nafar xodim 1,7 mln kishiga xizmat ko‘rsatadi. Bir kunda 7 minutli 100 ta qo‘ng‘iroq bo‘lsa, 12−13 soat gaplashish kerak telefonda. Shuning uchun ham konsul javob bermadi, degan e’tirozlar bor. Konsulxonaga hujum qilamiz, o‘t qo‘yamiz, konsulni osamiz, degan gaplar ham bo‘ldi. Konsullik xodimlari qayerda muammo bo‘lsa, darhol yetib borishga harakat qilayapti…
Albatta, TIV doim Senatni va parlamentni xizmatida bo‘ladi, lekin hamkorligimiz ikki tomonlama bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.
Har zamonda qandaydir tushunmovchilik chiqishi mumkin. Buning ko‘p sabablari bor, lekin bittasi axborot yetmasligi. Balki, vazirlik vaqtida Senatga, parlamentga ma’lumotlarni to‘liq bermaganligi.
…Fuqarolarimiz taqdirini yengillashtiradigan bir ikkita hujjatlarni tayyorlagan edik. Rossiya bilan imzolamoqchi bo‘lgan edik, lekin ular qabul qilmadi. Juda ko‘p nozik tomonlari bor, buniyam, o‘ylaymanki, senatorlarimiz bilishi kerak. Ular aytayaptiki, to‘g‘ri yozilgan, yaxshi shartnoma. Shartnomani nima qilasiz? Mana, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lib kiringlar. Hech qanaqa shartnoma kerak bo‘lmaydi. Ana shunda hamma muammolar o‘z yo‘li bilan hal bo‘lib ketadi…
Endi YeOII singari institutlarning ko‘plab salbiy, ijobiy taraflari bor, shuning uchun, o‘rganib qadam tashlash kerak. Lekin shunaqa muammolar kun tartibida bor", - deya ta’kidladi Abdulaziz Komilov.