Abdulla Oripov: “Seni sog‘insinlar, sen ko‘p sog‘inding”
Prezidentning 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi mamlakat bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Quyida sevimli shoirimizning hali ko‘pchilik o‘qimagan, umrining so‘nggi yillarida yozgan she’rlaridan namunalar o‘qiysiz.
SOG‘INCh
Seni sog‘insinlar,
Sen ko‘p sog‘inding,
Chora yo‘q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko‘l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.
Afsus, sog‘inchning ham bordir adog‘i,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sog‘ingan odamning ko‘nglida dog‘i,
Sog‘intirganga ham oson emasdir.
28.01.2015 y.
MEHR
Negadir yosh bola va yoki bemor,
Gunoh ish qilgandek boqar javdirab.
Ovozingni baland qildingmi bir bor,
Ular hadik ichra qolar dovdirab.
Yo‘q axir ularning zarra gunohi,
Mudrar qalblarida bardosh va sabot.
Faqat mehrga zor ular nigohi,
Kutganlari esa shafqat va najot.
25.01.2015 y.
TO‘YLAR
To‘yga aytgan edi aziz bir do‘stim,
Do‘konni aylanib, sovg‘a ham oldim.
Bordim, to‘yxonada yo‘q edi hech kim,
Yanglishib kelibman men bir kun oldin.
Yana bir og‘aynim, o‘z-o‘ziga to‘q,
To‘y qilishni kutdi, kutdi ichikib.
Borsam, tantanadan zarra nishon yo‘q,
Axir, men kelibman bir kun kechikib.
Hayot shukronaga mutloq munosib,
Tiriklik o‘zidir oliy mukofot.
Har kimga baxt-iqbol aylasin nasib,
Uysizga uy bersin, bemorga najot.
To‘yning-ku uzrini aytmoqlik oson,
Qutlovning eshigi hamisha ochiq.
Lek dilingni qiynar boshqa bir armon,
Qayda u — nasibang, senga yarashiq.
Yonma-yon yurarkan sevinch bilan g‘am,
Bir holni tushunmay, hayronman, ammo
Dunyoni ne’matim deganding, Egam,
Erta keldimmi men, kechikdimmi yo?
16.09.2014 y.
DO‘STLAR VA RAQIBLAR
Yoshlik yillarimni eslayman sekin,
Gohida tinibman, gohida qaynab.
Turfa satrlarni bitibman, lekin
Bir so‘z ham yozmabman qalamni qiynab.
O‘rni kelganida kechdim daryodan,
Bitta o‘zim qoldim girdobda goho.
Kuch oldim do‘stlarim bergan hirmondan,
Tortdi oyog‘imdan raqiblar ammo.
Agar tog‘ atalsa u shonli ravoq,
Oltin zinasiga qo‘ydim bir kun bosh.
Do‘stlarim qutlovga qo‘l cho‘zdi, biroq
Raqiblar tepadan otib turdi tosh.
Ravon yo‘l yo‘q ekan, har yon so‘qmoqdir,
Yo‘lbars ham yurmagan chigal bu o‘rmon.
Do‘stlar-ku yulduzdek senga mayoqdir,
Raqiblar bildirmay qo‘yarlar qopqon.
Bu yorug‘ dunyoda yo‘l yurib albat,
Oxiri to‘xtaysan, paymonang to‘lib.
O‘sha kun do‘stlarga bermasdan navbat,
Raqiblar so‘z aytar birinchi bo‘lib.
Insonga ko‘rgilik azaldan o‘tgan,
Doimo vijdonga keltirganlar shak.
Xudoyim urganu payg‘ambar turtgan
Raqibning ustozi — Iblisdir beshak.
29.01.2015 y.
KUN KO‘RISh
Chalpak yoqqan emas osmondan aslo,
Har kim nasib etgan luqmasin yegan.
Odam bolalarin lafzida ammo,
Bitta ibora bor “Kun ko‘rish”, degan.
Aslida bu qismatga yo‘liqqan har kas
Orzu umididan ayrilgan demak.
Qayda bir unumni ilg‘adimi, bas,
O‘sha tomonga u yugurgan beshak.
Kun ko‘rish degani o‘rtab dillarni,
Amallab yashashdan bir belgi, nishon.
Zabtiga olgay u hatto ellarni,
Ne-ne mardlarni ham aylagay yakson.
- Nega yolg‘on aytding, aldading nega,
Nega haqni yoqlab bermading turish?!
Deydi:-sen Haq deysan, jon kerak menga,
Kun ko‘rish kerakmi, axir kun ko‘rish.
Kun ko‘rish yo‘lida yurarlar kuylab,
Kun ko‘rish dardida to‘karlar ko‘z yosh.
Agarda teranroq qarasang o‘ylab,
Jallod ham kun ko‘rish uchun olgay bosh.
Faqat kun ko‘rish deb qilingan ishdan,
Bahra toparmikan birorta banda.
Odam charchar bir kun bunday yumushdan,
O‘zini o‘ylar-ku hech bo‘lmaganda.
Ulug‘ orzularga etgandi da’vat
Fidoyi insonlar – benazir zotlar.
Nahotki, kun ko‘rish yo‘lida faqat
Yonib bitgan bo‘lsa o‘sha hayotlar?!
Insof bera qolsin har kimga Egam,
Hayot ko‘zgusida turlanmoq nechun.
Ehtimol, mana shu satrlarni ham,
Yozib turgandirman kun ko‘rish uchun.