Abdusalom Dehotiy - shoir, yozuvchi, dramaturg, tilshunos va davlat arbobi
Samarqand zaminida azaldan iste’dodli adiblar va zukko olimlar, hunarmand va san’at ahli, yer tilini biladigan bobodehqon va sohibkorlar kamol topgan. Ulardan biri shu shaharda tug‘ilib, voyaga yetgan, Samarqand adabiy maktabida ta’lim olganlar iste’dodli adib, tarjimon, tilshunos va adabiyotshunos olim Abdusalom Dehotiydir.
Abdusalom Pirmuhammadzoda Dehotiy 1911 yil 14 martda Samarqand yaqinidagi Bog‘imaydon qishlog‘ida tug‘ildi. 1930 yilda o‘rta maktabni tamomlagach, respublika «Haqiqati O‘zbekiston» gazetasi va Tojikiston davlat nashriyotining Samarqand bo‘limida ishlay boshladi. 1935 yili Dushanbega ko‘chib, «Baroi adabiyoti sotsialistӣ» adabiy jurnali tanqid bo‘limining mudiri va mas’ul kotibi bo‘lib ishladi. Shundan keyin «Sharqi surx» (hozirgi “Sadoi Sharq”) jurnalining mas’ul kotibi, Tojikiston Yozuvchilari uyushmasi kotibi, Tojikiston Davlat nashriyotining bosh redaktori bo‘lib faoliyatini davom ettirdi. Sadriddin Ayniy, Jalol Ikromiy, Mirzo Tursunzoda, Sotim Ulug‘zoda, Mirsaid Mirshakar, Rahim Jalil singari adiblar qatorida tojik adabiyotining yuksalishiga salmoqli ulush qo‘shdi. Iste’dodli shoir, nasr ustasi, dramaturg, adabiyotshunos, folklorshunos va lug‘atshunos olim sifatida yuzlab badiiy va ilmiy asarlar yaratdi. Uning tahriri ostida 1969-1970 yillarda “Tojik tilining izohli lug‘ati” nashr qilindi.
Abdusalom Dehotiyning ijodi o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlangan. Adibning yuzlab hikoyalari, satirik she’rlari, publitsistik maqolalari mahalliy matbuotda bosilgan. Uning «Uch manzara», «Mehnat taronasi», «She’rlar va hikoyalar», «Hayot olg‘a bosmoqda», «Binafsha», «Oqar suv» singari o‘nlab to‘plamlari nashr qilingan. Shoirning ko‘pgina she’rlari rus va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.
A.Dehotiy dramaturgiya sohasida ham samarali qalam tebratgan adib. U Mirzo Tursunzoda bilan birgalikda «Xusrav va Shirin» musiqali dramasining librettosini, «Vose qo‘zg‘oloni», «Komde va Mudan» operalari librettosini yaratgan.
Adibning 1965-1966 yillarda Dushanbedagi “Irfon” nashriyoti tomonidan nashr qilingan 5 tomli “Asarlar to‘plami”dan turli yillarda yozgan asarlari joy olgan.
A.Dehotiy o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalari Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Komil Yashin, Uyg‘unlar bilan ijodiy hamkorlik qilib, o‘zbek-tojik adabiy aloqalarini mustahkamlashda ham katta hissa qo‘shgan. Uning “Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy”, “Ikki til va ikki adabiyot ustozi” va “Do‘stlik oilasida”, “Do‘stlik bog‘ining samarasi”, “Hoji Abdulaziz”, “Halima Nosirova Dushanbeda” nomli publitsistik maqolalarida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlik, ijodiy hamkorlik, ustoz va shogirdlik an’analarini hurmat va ehtirom bilan tilga olgan.
Abdusalom Dehotiy maorifparvar o‘zbek shoiri Muqimiyning
Mulki Hindu Marvdin kelsam, topardim e’tibor,
Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onaman!
matla’si bilan boshlanadigan “Ey pari!” nomli g‘azalini tojik tiliga ravon va xotirada qolarli qilib go‘zal tarjima qilgan:
Gar zi Hindu Marv oyam, obro‘ meyoftam,
Aybam in ast, ey Muqimӣ, mardumi Farg‘ona man!
Abdusalom Dehotiy mahoratli tarjimon ham bo‘lgan. U o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini mohirona tarjima qilgan. Afsuski, roman o‘z vaqtida nashr qilinmagan va yo‘qotilgan. Bu haqda taniqli adiblar Bolta Ortiqzoda va Fazliddin Muhammadiyevlarning dard bilan yozgan xotiralari mavjud. Keyinchalik A.Dehotiy Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana” komediyasi va Bahrom Rahmonovning “Ko‘ngil sirlari” dramasini tojik tiliga tarjima qiladi. Bu asarlar uzoq yillar A.Lohutiy nomli Tojikiston akademik drama teatri repertuaridan munosib joy olib, tojik tomoshabinlarining sevimli sahna asarlariga aylangan edi.
Iste’dodli adib Abdusalom Dehotiyning 110 yilligini munosib o‘tkazish, uning ijodi atrofida ilmiy-amaliy anjumanlar, mushoiralar tashkil lozim. Shuningdek, adib tug‘ilib o‘sgan Bog‘imaydon qishlog‘idagi uning nomiga qo‘yilgan ko‘cha nomini tiklash, u yashagan hovlida uy-muzeyini ochish hamda yodgorlik lavhasini o‘rnatish A.Dehotiyga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom bo‘ladi.
Abdusalom Samadov.