Abituriyent “katta”mi yoki o‘qituvchi?

«Aloviddinning sehrli chirog‘i» filmida podsho ko‘rgan tushni ta’birlayotgan donishmand “Tush o‘ng bo‘lmas, o‘ng tush bo‘lmas...” deydi. O‘sha ibora keyingi paytda shu qadar mashhur bo‘ldiki, ayrim hollarda kishilarimiz beixtiyor ham qo‘llab yuborishmoqda. Shunga qaramay aksar hollarda o‘rniga tushmoqda

Misol uchun, ta’limga yangi joriy qilingan “Milliy sertifikat” baholash tizim haqida ham shu iborani bexijolat ishlatish mumkin.

Ta’limga tosh otmagan bir sen qolganding, deyishga shoshilmang. Bu yerda gap faqat ta’lim haqida bo‘lganda mayli edi. Gap ta’lim beruvchilarga munosabat haqida ketayotgani uchun masalani chalkashtirmaysiz, degan umiddaman.

Demak, vaziyatni tushuntirishga harakat qilaman. Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, “Milliy sertifikat”ning tegishli darajasiga ega ayrim umumta’lim fan o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan ma’lum foizgacha har oylik ustama haq to‘lanishi belgilangan. Xuddi shunday “qog‘oz”ga ega abituriyentga oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga kirish test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan ball berish tartibi joriy etilgan.

Bir qarashda hammasi yaxshi. Muammo nimada dersiz?

O‘zingizga ma’lum, oliy ta’lim muassasasi talabasiga diplom yuqori saviya va ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilarning chig‘irig‘idan o‘tib, yetarli bilimni o‘zlashtirgach, beriladi. Abituriyent esa tegishli testlardan boshqalardan ko‘ra ko‘proq ball to‘plab, yuqoridagi ustozlar chig‘irig‘idan o‘tishga da’vogar kishi.

Ya’ni, oliy o‘quv yurti bitiruvchisi va abituriyent ilmi orasida farq bor. Shunga qaramay “Milliy sertifikat” baholash tizimi imtihoni abituriyent uchun ham, o‘qituvchi uchun ham bir xil test va bir xil talabda o‘tkaziladi.

To‘rt yil o‘qigan o‘qituvchi shu sertifikat bilan oylik maoshiga ustama olyapti. Abituriyent esa talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lyapti.

Kimgadir nimanidir o‘rgatmoqchi emasman. Nimadir noto‘g‘ri degan davom ham yo‘q. Lekin meni bir savol qiynaydi: bugungi tartibdan kelib chiqsak, abituriyent “katta”mi yoki o‘qituvchi?

Olim Nodirov.