Adab ilmida benazir inson

Filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nuriddin Shukurovning nomi tilga olinganda juda ko‘pchilikning yuziga tabassum yuguradi.
Adab ilmida benazir insonning ilmiy salohiyati, ustozlik mehri, she’r sehrini yurakdan his etishi, odamoxunligi albatta yodga olinadi.
O‘zbek adabiyotshunosligi rivoji va uning nazariyasini yaratilishi, shuningdek, ijodkor mahorati, uslublar rang-barangligi va badiiy asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini tadqiq etish va uni ilmiy asoslashda professor Nuriddin Shukurovning xizmatlari juda beqiyos.
O‘z vaqtida bir qator taniqli adabiyotshunos olimlar Nuriddin Shukurovning ilmiy faoliyati haqida so‘z yuritib, yoshligidanoq izlanuvchan tanqidchi sifatida elga tanilganini e’tirof etishgan.
“...Birovni o‘ziga ustoz tanlagan uquvli shogird o‘z ustoziga yelimday yopishadi-qo‘yadi, - deb yozgan edi professor Rahim Muqimov. - Nuriddin ana shunday ziyrak iste’dodlardan edi. Tez orada u mening o‘rtog‘im, yo‘ldoshimga aylandi. Men spektakl ko‘rgani teatrga borsam, u ham birga borardi. Maqola yozishga kirishsam qiziqib yordam berardi. Qarabsizki, maqola yozish jarayonida fikr qo‘shib, tahrirlar kiritib, teng huquqli hammuallif bo‘lib qolardi... Men o‘zimning 1993 yilda bosmadan chiqqan “Buklet-biografiya”ni varaqlab ko‘rdim, ro‘yxatdagi dastlabki 17-18 maqolaning to‘g‘risida “Hammuallif Nuriddin Shukurov” deb yozib qo‘yilgan. Vaholanki, voqealar yozilgan vaqtlarda Nuriddin Shukurov student, keyinchalik boshlovchi aspirant edi, xolos.”
Professor Naim Karimov ham o‘z vaqtida: “Nuriddin aka nafaqat she’riyatni nozik his etuvchi, o‘zi ham sohibi qalam, bilimdon va teran olim, balki kamtar, samimiy, nazokatli va olijanob inson sifatida ham qalbimizdan bir umrga joy oldi. Agar samarqandlik boshqa do‘stlarimga og‘ir botmasa, men u (Nuriddin Shukurov) bilan akademik Botirxon Valixo‘jayevni Samarqandda yashab, ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan va hozirda ham olib borayotgan filolog olimlarning har tomonlama peshqadami, deb atagan bo‘lardim.” - deb yozgan edi.
Taniqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning e’tirofi ham juda yuksak: “Nuriddin Shukurov bilan ko‘p uchrashardik. U adabiyot olamini yaxshi bilar, yaxshi ko‘rar, uning katta-kichik namoyandalari bilan tanish, qalamkashlar, olimlarni - ziyoli kishilarni juda qadrlar, hurmat, e’tibor ko‘rsatardi. Adabiy davralar, kitobxonlar bilan uchrashuvlarda G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Asqad Muxtor singari allomai zamonlarning she’rlarini go‘zal bir ixlos bilan she’rning zavqi-sururini jon-jonidan tuyib yod o‘qirdi. U o‘zbek she’riyati haqida to‘lib-toshib yozardi. She’riyat haqida yozganda unga bamisoli muhabbat izhor qilganday bo‘lardi”.
Darhaqiqat, Nuriddin Shukurov o‘zbek tanqidchiligida janrlar rang-barangligi, poetik obraz yaratish, adabiy tanqid muammolarini yaxlit va umumlashgan holda tahlil etish, yangi asarlarga munosabat bildirish kabi adabiy jarayonga faol qatnashish bilan ajralib turadigan adabiyotshunos edi.
Domla tomonidan yozilgan “G‘afur G‘ulomning lirik poeziyasidagi mahorati”, “Uslublar va janrlar”, “Bu olam sahnida”, “So‘z sehri, she’r mehri” singari kitoblari va ko‘plab maqolalari shoir va yozuvchi ijodi, adabiy jarayon, asosan, mahorat muammolari nuqtai nazaridan o‘lchanadi. Ko‘p yillik samarali mehnati va ilmiy izlanishlari natijasida uning hammuallifligida respublika oliy o‘quv yurtlari uchun “Adabiyotshunoslikka kirish”, “O‘zbek sovetadabiyoti tarixi” (1990) darsliklari yozildi.
Professor Saydulla Mirzayev: “Ikkinchi jahon urushidan so‘nggi dastlabki yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti talabalari safiga bir qator iste’dodli yoshlar kelib qo‘shildi. Nuriddin Shukurov ana shunday qobiliyatli yoshlardan biri bo‘lib, u talabalik chog‘laridayoq ilm-fanga chanqoqligi, tirishqokligi, ko‘p mutolaa qilishi, mustaqil va erkin fikrlashga o‘chligi bilan ajralib turar edi.
Nuriddin Shukurovning hayot yo‘li va mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, kishi ko‘z o‘ngida halol mehnat va tinimsiz izlanish tufayli o‘nib-o‘sib,yirik olim, mehribon ustoz, mohir pedagog, taniqli jurnalist darajasiga ko‘tarilgan yirik ijodkor gavdalanadi.
Nuriddin Shukurov oliy ta’lim taraqqiyotiga, xususan, o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga samarali hissa qo‘shgan. U o‘zining ana shu ezgu xizmati tufayli ko‘pchilikning nazariga tushdi. G‘afur G‘ulom, Izzat Sulton, Vohid Abdullayev kabi ustozlarning ishonchiga, yuksak bahosiga sazovor bo‘ldi”, - deb yozgan edi.
Nuriddin Shukurovning ijodiy faoliyati Samarkand universiteti balan chambarchas bog‘liq. U 45 yil davomida universitet jamoasi bilan hamnafas bo‘ldi. Shu yerda o‘z mehnati bilan yil sayin o‘sib, shogirdlikdan ustozlik darajasiga ko‘tarildi. Nuriddin Shukurov universitetda ilmiy ishni pedagogik va tashkilotchilik ishlari bilan olib bordi. O‘zbek adabiyoti kafedrasida avval o‘qituvchi, dotsent, so‘ngra professor bo‘lib ishladi. Dekan, kafedra mudiri, rektor muovini vazifalarini bajarib, universitetda o‘qish-o‘qitish, ilmiy-tadqikot, tarbiyaviy-tashkiliy ishlar rivojiga muhim hissa qo‘shdi. Ana shuning uchun Barot Boyqobilov va Omon Matjon “Dorilfunun qasidasi” asarida haqli ravishda:
Do‘stlar, SamDU degan so‘zning teran ma’nosi bor,
Chun Maroqand haqda har gapning qadim dunyosi bor.
Navqalam sardoridur Nuriddinu Saydullalar,
Barchasiga rahnamo Vohid Abdullosi bor! - deb yozgan edilar.
Nuriddin Shukurov o‘z mehnat faoliyati davomida so‘z san’atining turli masalalariga bag‘ishlangan 300 ga yaqin ilmiy va ilmiy ommabop maqolalar yozdi. Uning “O‘zbek poeziyasi haqida mulohazalar”, “Syujet va badiiy to‘qima”, “Syujet haqida qaydlar”, “Poetik mazmun va badiiylik muammosi”, “Poeziyada simvolik obrazlar”, “Til va uslub” kabi maqolalari adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasining diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan.
Olim nafaqat adabiy tanqidchi, balki “Xushnud” taxallusi bilan ijod qilgan shoiri zamon hamdir. Domla o‘zining tarjimon sifatida ham mohirligini ko‘rsata oldi. Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatovning yigirmadan ziyod she’rlari, rus va tojik shoirlaridan qilgan tarjimalarini o‘zbek kitobxonlariga tuhfa qildi.
Domlaning eng ezgu amallaridan biri yosh ijodkorlarni izlab topish va rag‘batlantirish bo‘lgan. “Shalola” she’riyat klubi shu jihatdan ulug‘ insonning qalb qo‘ri, kelajakka umidi edi. O‘tgan asrning 70-90 yillari, hatto bugungi o‘zbek adabiyoti rivojini ham ustoz mehr ko‘rsatgan qalam ahlining ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Professor Nuriddin Shukurov myehnatsevarligi, idroki va ichki madaniyati, hozirjavobligi va o‘ziga talabchanligi bois 38 yoshida viloyat bosh gazetasiga muharrir, 43 yoshida universitet prorektori etib tayinlandi. 44 yoshida fan doktori, 50 yoshida fan arbobi faxriy unvoniga muyassar bo‘ldi. Olim o‘zbek adabiyotshunosligi tarixida o‘z nomi va asarlari bilan abadiy qoladi.
Toshpo‘lat Tugalov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.