Adabiyotshunos olim, jurnalist, tarixchi Poyon Ravshanov vafot etdi

Jurnalistika, o‘zbek adabiyoti va tarixchiligi, xususan, Amir Temur shaxsiyati va davlatchiligi tarixini izchil tadqiq etishga munosib hissa qo‘shgan, milliy tariximizga oid ko‘plab badiiy asarlar muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Poyon Ravshanov vafot etdi.

Poyon Ravshanov 1941 yilda Qamashi tumanidagi Katta Do‘stberdi qishlog‘ida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugallab, 1958 yilda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, 1963 yilda dorilfununni imtiyozli diplom bilan tamomladi.

P.Ravshanov ilk ish faoliyatini viloyat "Lenin yo‘li" (hozirgi "Zarafshon") gazetasida adabiy xodimlikdan boshladi. Poyon aka tahririyatda bir yildan ziyod ishlab, o‘tkir maqolalar yozdi, mushtariylar e’tiboriga tushdi va jamoada o‘z hurmatiga sazovor bo‘ldi.

1964 yilda tug‘ilgan qishlog‘iga qaytib, Qarshi davlat pedagogika institutida faoliyat boshladi. Olim shu paytga qadar ushbu dargohda barakali mehnat qildi.

Poyon Ravshanov chorak asrdan ortiq vaqt davomida Nasaf va Kesh (Shahrisabz) uzoq o‘tmishida shakllangan adabiy hayot tarixini tadqiq etgan adabiyotshunos olimdir. U Qashqadaryo tarixiga, madaniyati, ilm-fani va adabiy muhitiga doir bir qator maqolalar, risolalar muallifi. Olimning «Adabiy sahifalar», «Tarix badiiyati», «Adabiyot va ta’lim», «Qashqadaryo tarixi (eng qadimgi davrlardan XIX asr II yarmiga qadar)» kabi kitoblarida Qashqadaryo vohasining tarixi va madaniy hayoti o‘tmishi yoritilgan.

Poyon Ravshanovning «Alisher Navoiy shajarasi», «Amir Temur muhri» turkum maqolalari ham o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Shuningdek, olimning bir nechta tarixga oid kitoblari, jumladan, «Turkiy qavmlar tarixi», «Saidnabi Qorovulbegi», «Zavol», «Sohibqiron tug‘ilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi», «O‘zbekistonning yangi tarixi» (ham mualliflikda) singari asarlarni chop etilgan.

«Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati jamoasi gazetaning sobiq xodimi Poyon Ravshanovning oilasiga hamdardlik bildiradi.