Adliya vaziri Qo‘shrabotda uyma-uy yurdi, odamlarni tinglab, mutasaddilarga tavsiyalar berdi

Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilangan.

Bunda adliya vazirligi ham hududlarda alohida chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, bu yo‘nalishdagi jarayonlar Samarqand viloyatida ham davom etmoqda.

Adliya vaziri bugun viloyat markazidan qariyb 100 kilometr olisda joylashgan Qo‘shrabot tumanida bo‘lib, o‘rganishni 10 dan ortiq turli millat va elat vakillari yashayotgan Xonnazar mahallasidan boshladi.

Ta’kidlanishicha, mahallada "Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi" doirasida 800 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratish hisobiga 40 nafar, "Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi" doirasida 12 nafar, "Biznesga birinchi qadam" dasturi doirasida 43 nafar aholi bandligi ta’minlanadi.

Shuningdek, mahallada Xitoy tajribasi asosida 10 dan ortiq loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada yil yakunigacha 52 ta oila kambag‘allikdan chiqarilsa, 102 fuqaro doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.

Vazir mahalladagi kambag‘al oilalarga kirdi, xonadonda yashovchilar bilan suhbatlashdi, ularning nima muammosi borligi, qanday yordam ko‘rsatish kerakligi bilan qiziqdi.

III guruh nogironi bo‘lgan 55 yoshli Karomat opa Ismoilova yoshligida o‘rgangan tikuvchilik kasbi orqali bugun hamqishloqlarini ko‘rpa, yostiq, beshiklarga zeb beradigan yopinchiqlar bilan ta’minlab keladi. U Akbar Toshqulov bilan suhbatda shogirdlarni ko‘paytirish, kasbini hamqishloqlariga o‘rgatib, qo‘shimcha ishchi kuchi olishni istayotgani, buning uchun tikuv mashinasiga ehtiyoji borligini aytdi. Unga zamonaviy tikuv mashinasi berildi.

Xonnazar qishlog‘ida oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Ahmad Adilov mayizni qayta ishlash uchun qo‘shimcha joy olish borasidagi muammosini ma’lum qildi. Murojaat vazir nazoratiga olindi...

Madina Elmurodova ikki yil ilgari turmush o‘rtog‘idan ayrildi. 3 nafar farzandiga ham ota, ham ona. Vazir oilaning turmush tarzi bilan tanishar ekan, fuqaroning orzu-istaklari, muammolarini so‘radi. Oila bekasi so‘roviga javoban tikuv mashinasi berildi.

Akbar Toshqulov mahalla mas’ullar bilan uchrashuvda nochor oilalarni kambag‘allikdan chiqarish tartibi, buni amalga oshirish mexanizmlari, fuqarolar huquqiy va ijtimoiy muammolari bilan ishlashda adliya organlari bilan hamkorlik borasida so‘z yuritdi.

O‘rtaga tashlangan masalalar, savollarni tinglab, zarur tavsiyalar berdi.