Adliya vaziri, viloyat hokimi, taniqli davlat va jamoat arbobi haqida kitob
Samarqand viloyati adliya boshqarmasida I-darajali davlat adliya maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, taniqli inson Alisher Mardiyev hayoti va faoliyati haqidagi “Munosib yashamoq baxti” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Alisher Mardiyev mamlakatimiz sud-tizimining taniqli namoyandasi, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini, sud, adliya sohalarini tashkil etish va ularning davlat, jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan yurist, qonunshunosdir. Shuningdek, u mustaqillikning dastlabki yillarida boshqaruv idoralarida samarali faoliyat olib borgan davlat arbobi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan nashr etilgan kitobda Alisher Mardiyevning mazmunli va sinovli hayoti, serqirra faoliyati haqida hikoya qilingan. Unda huquqshunosning mamlakatimiz yurisprudensiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi noyob arxiv materiallari va dalillar asosida ochib berilgan.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova, Oliy Majlis Senati a’zolari Rustam Xolmurodov, Farmon Toshev, Samarqand viloyati hokimining maslahatchisi Nozir Ibragimov, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev va boshqalar kitob haqida fikrlarini bildirib, Alisher Mardiyevning ibratli faoliyati haqida so‘z yuritdilar.
Shuningdek, taniqli huquqshunos olimlar, prokuratura, adliya va sud tizimi faxriylari, adiblar, davlat va jamoat arboblari Alisher Mardiyev va bu inson amalga oshirgan ishlari, to‘plamning bugungi kundagi ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida A.Mardiyevning bosib o‘tgan barakali umr yo‘li, mehnat faoliyati haqida tayyorlangan maxsus videolavha namoyish etildi. Shuningdek, tadbir qahramoni turli yillardagi ish faoliyati davomida orttirgan tajribasi, bilim va ko‘nikmalari haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi.