Adliya vazirligi noqonuniy pul undirayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

Aholi orasida, ayniqsa tumanlarda maxsus formali kiyim-bosh kiyib yurgan yoki shu kiyimga juda o‘xshash kiyimdagi shaxslar o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan yillik 20 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha majburiy tarzda soliq yoki kommunal to‘lov sifatida noqonuniy pul yig‘ayotgani holatlari kuzatilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan yuqoridagi masalalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan, asosan nomida «yong‘in», «olov», “qarshi kurash”, «xavfsizlik», «himoya» kabi so‘zlardan iborat bo‘lgan va yong‘inning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat bo‘yicha Adliya vazirligi ayrim shaxslar tomonidan o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organlari xodimi” sifatida tanishtirgan holda yolg‘on ma’lumotlar asosida fuqarolardan majburiy to‘lov to‘lanishini talab etishi noqonuniyligini ma’lum qiladi.

Eslatib o‘tamiz: fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni belgilangan tartibda to‘lab borishi lozim:

- sovuq suv ta’minoti;

- isitish va issiq suv ta’minoti (ko‘p qavatli uylarda);

- elektr ta’minoti;

- gaz ta’minoti;

- kanalizatsiya (iste’molchi ulangan bo‘lsa) ta’minoti.