Adliya vazirligi: Talabalardan “obxodnoy" to‘ldirib kelishni talab qilish Prezident Farmoni talabiga zid

Oliy ta’lim muassasalarining talablardan “aylanma varaqa”ni barchadan birdek “qog‘oz shaklda” to‘ldirib kelishni talab qilishi noto‘g‘ri va Farmon talablariga nomuvofiq hisoblanadi.

Adliya vazirligi tomonidan mazkur holatlar tahlil qilinib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6191-son Farmonida belgilangan talablar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan bajarilmayotganligini ko‘rsatib, qisqa muddatda Farmonda yuklatilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash choralarini ko‘rish, bu bo‘yicha barcha davlat oliy ta’lim muassaslariga ko‘rsatmalar kiritish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilmoqda.

Adliya vazirligi barcha oliy ta’lim muassasalarini hamda tizimida ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarini aholini ovora qilmaslikka, ulardan qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hujjatlarni, shu jumladan “aylanma varaqa”ni qog‘oz shaklda to‘ldirishni talab qilmaslikka, Farmonda belgilangan talablar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga chaqirdi.

Shuningdek, aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yo‘l qo‘yilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi to‘g‘risida ogohlantirgan.