Adliya yordamida ishga tiklandi va 2 million so‘mdan ko‘proq ma’naviy zarar undiriladigan bo‘ldi
Kattaqo‘rg‘on shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamshirasi g‘ayriqonuniy tarzda ishdan bo‘shatildi. 2016 yilda mazkur poliklinikaning ruhiy kasalliklar bo‘limida ish boshlagan fuqaro homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan hamshiralar o‘rniga yillar davomida bir necha bor turli bo‘limlarga o‘tkazilgan. Bu “o‘tkazilish”lar esa oxiri fuqaroning o‘ziga qarshi ishladi.
Xususan, so‘ngi marta 2022 yilning 14 sentyabrida ushbu tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan G.Qo‘chqorova sog‘lig‘i holatiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan L.Xusainova o‘rniga spirografiya xonasi hamshirasi vazifasiga vaqtincha o‘tkazilgan hamda shu kuniyoq fuqaro G.Qo‘chqorova bilan 2016 yil 2 sentyabrda tuzilgan mehnat shartnomasining 1-bandiga o‘zgartirish kiritilgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, birlashma boshlig‘ining joriy yil 15 fevraldagi 462-7-106-TV/2023-sonli buyrug‘iga asosan L.Xusainova o‘z o‘rniga qaytishi munosabati bilan G.Qo‘chqorova Mehnat kodeksining 105-moddasi bilan ishdan bo‘shatilgan.
Ammo Mehnat kodeksining 93-moddasiga binoan, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Boshqa ishga o‘tkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi shart. Huquqlari oyoqosti bo‘lgan ayol Kattaqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limiga ushbu chigal masalani qonuniy ko‘rib chiqib, ishga tiklanishda ko‘mak so‘rab murojaat qildi.
Mazkur murojaat adliya bo‘limi tomonidan o‘rganilib, fuqaro manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud ishni batafsil ko‘rib chiqdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 249-253-moddalarini qo‘llab, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining 2023 yil 15 fevraldagi 462-7-106-TV/2023-sonli buyrug‘ining G.Qo‘chqorovaga tegishli qismini g‘ayriqonuniy deb topib, bekor qilish haqida qonuniy yechimni e’lon qildi.
Shuningdek, fuqaroni o‘z vazifasiga yoki unga teng bo‘lgan lavozimga ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun 4 112 800 so‘m ish haqi, 2 056 400 so‘m ma’naviy zarar undirish haqida qaror qabul qilindi.
Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.