Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Adolat istaydigan odamning o‘zi adolat talablariga amal qilishi kerak emasmi?

2022 yil 11 may kuni saytimizda "@zarafshonbot’ga murojaat: Kontrakt pulini 5 kun kechikib to‘laganim uchun SamDUdan haydaldim, shu adolatdanmi?" sarlavhali murojaat e’lon qilingan edi.

Mazkur tanqidiy maqola yuzasidan Samarqand davlat universiteti axborot xizmati javob xati yo‘lladi. Unda shunday deyiladi:

"Arastu: “Menga do‘stlarim ham, haqiqat ham qadrli, ammo burch haqiqat tarafida bo‘lishni taqozo qiladi”, deb yozgan edi... Maqolada Guldona Ahmedovaning to‘lov-kontrakt pullarini o‘z vaqtida to‘lay olmaganligi va buning oqibatida Samarqand davlat universiteti talabalari safidan chiqarilganligi aytilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilgan. Ushbu vakolat doirasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ilmiy kengashining 2022 yil 25 fevraldagi 8-sonli bayonnomasi asosida 2021-2022 o‘quv yilining birinchi yarmi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 2022 yil 25 mart kuniga qadar uzaytirilgan.

Barcha belgilangan muddatlarda shartnoma shartlarini bajarmagan talabalar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 apreldagi 360-sonli qarori ilovasining 36-“ye” bandiga asosan “o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli” talabalar safidan chiqariladi.

G.Ahmedova to‘lov-kontrakt pulini to‘lash bo‘yicha universitet bilan tuzgan shartnomasini sinchiklab o‘qimagan, undagi “Talabaning majburiyatlari” deb nomlanuvchi qismidan umuman xabari yo‘q yoki shartnomaning ushbu qismida keltirilgan huquqiy normalarni tan olishni xohlamasdan, ijtimoiy muammolarini vaj qilib, keng jamoatchilik diqqatini o‘ziga qaratmoqchi bo‘lgan. Keling, shu o‘rinda aslida nima bo‘lganligini qo‘limizdagi hujjatlar asosida ko‘rib chiqaylik.

Birinchidan, Guldona Ahmedova 2021 yilning 15 sentyabr sanasiga qadar to‘lov-kontrakt pulining 25 foizini (1 849 476 so‘m ) to‘lagan bo‘lishi kerak edi. Amalda mazkur muddatda 1 so‘m ham to‘lamagan.

Ikkinchidan, 2022 yil 1 yanvar sanasiga qadar G.Ahmedova to‘lov-kontrakt pulining 50 foizini (3 698 952 so‘m ) miqdorida to‘lashi kerak edi. Amalda 1 700 000 so‘m to‘lagan.

Uchinchidan, 2022 yilning 1 aprel holatiga G.Ahmedova to‘lov-kontrakt pulining 75 foizini (5 548 428 so‘m) miqdorida to‘lashi kerak edi. Amalda u 3 040 642 so‘m miqdorida kontrakt puli to‘lagan...

Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, adolat istayotgan Guldona Ahmedovaning o‘zi to‘lov-kontrakt shartnomasini qaysi shartini vaqtida, talab qilingan miqdorda bajargan. Ming afsuski, yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning birortasi arizachining foydasiga xizmat qilmaydi. Shu o‘rinda kim haqu kim nohaq ekanligini ajratib olishni, ya’ni hakamlikni zukko o‘quvchiga qoldiramiz.

Adolat istaydigan odamning o‘zi ham adolat talablariga so‘zsiz amal qilishi zarur, deb o‘ylaymiz. O‘zi o‘qiydigan va o‘zi ishlaydigan dargohni yomonotliq qilish, nohaq bo‘la turib, haqman deyish insoniylik qonun-qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi".

Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.