"Adolat" partiyasining bosh vazifalaridan biri pedagoglar va yoshlar manfaatini himoya qilish

O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Robaxon Mahmudova SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida ta’lim sohasi vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Siyosiy Kengash raisi partiya elektoratining asosiy qismini tashkil etadigan pedagog-o‘qituvchilar haq-huquqlarini himoya qilish va kasbiy muhofazasini ta’minlash maqsadida qonunchilikni takomillashtirish, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va ularning o‘z ustida ishlashini qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilayotgan ishlar borasidagi dasturiy vazifalar haqida ma’lumot berdi.

- 2025 yilda saylovchilar bilan tashkillashtirilgan ilk uchrashuv aynan Samarqandda o‘tkazilayotganidan xursandman. Bu ham bejiz emas. Chunki partiyamiz a’zolarining soni ko‘pligi bo‘yicha ham, ularning siyosiy faolligi yuqoriligi bo‘yicha ham aynan Samarqand boshqa viloyatlarga nisbatan ilg‘orroqligini e’tirof etamiz va qadrlaymiz. Partiyamizning viloyatdagi tashkilotida faollarimiz ham ko‘pligidan, ular orasida pedagog, o‘qituvchi va murabbiylarimiz ham oz emasligidan faxrlanamiz, - dedi Robaxon Mahmudova.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda pedagoglarning maqomini oshirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Hatto yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda pedagoglarning huquq va manfaatlari himoyasi kafolatlab qo‘yildi. Qolaversa, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda o‘qituvchilarga mualliflik dasturi va o‘qitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, o‘qitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi. Eng asosiysi, o‘qituvchi paxta dalasining ishchisi emas, yoshlarga ta’lim-tarbiya beradigan shaxsga aylandi.

- Ochig‘ini aytganda, yangi chaqiriqdagi parlament a’zolarining faoliyati boshlanganiga hal ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, lekin shu qisqa vaqt ichida Qonunchilik palatasida yoshlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga qaratilgan, sizlarga yengillik, qulaylik tug‘dirishga xizmat qiladigan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdik. Bundan tashqari, yoshlar parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanishga harakat qilyapmiz, - deya ta’kidladi R.Mahmudova.

Uchrashuv yakunida partiya safiga kirish istagini bildirgan bir guruh pedagog va yoshlarga partiyaning a’zolik guvohnomalari topshirildi.