“Adolat” SDPning saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasida qanday g‘oya va tashabbuslar ilgari surildi?

27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga O‘zbekiston “Adolat” SDPning saylovoldi dasturi loyihasini takomillashtirish uchun hududlarda partiya faollari ishtirokida ommaviy eshituvlar, uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan.

Samarqand shahrida partiyaning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasi yuzasidan birinchi ommaviy eshituv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Siyosiy Kengash raisi Robaxon Mahmudova, viloyat va mahalliy kengashlar xodimlari, partiya faollari, deputatlar, yoshlar, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda partiya yetakchisi ma’ruza qilib, yangi Saylovoldi dasturi loyihasi xalqimiz orzu-istaklari, fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollarini qamrab olish va xalqchil takliflarni ilgari surishda partiyaning kelgusi besh yillikdagi  strategik hujjati bo‘lishi kutilayotganini e’tirof etdi. Qolaversa, ushbu muhokama jarayoni, tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan har bir taklif va tavsiya dasturni yanada mukammallashtirish hamda amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Muhammadjon Valiyev “Adolat” SDPning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasidagi g‘oya va takliflari to‘g‘risida ma’ruza qildi.

- Dastur loyihasi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, partiya elektorati  vakillarining ijtimoiy muhofazasi va xotin-qizlar mehnat huquqlarini himoya qilish, jamiyatdagi tenglikni ta’minlash hamda davlat boshqaruvining shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator  chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olgan, - deydi M.Valiyev. - Saylovoldi dasturi loyihasini ishlab chiqish bir yildan ortiq vaqt davomida amalga oshirildi. Bunda partiya ustavi va shu paytga qadar qabul qilingan asosiy dasturlarining tanqidiy tahliliga, 150 dan ortiq xorijiy davlatdagi sotsial-demokratik yo‘nalishdagi siyosiy partiya va harakatlarning tajribasini o‘rganishga, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan  keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida partiya a’zolari hamda jamoatchilik tomonidan ta’lim sifatini yaxshilash, tibbiy sug‘urtalash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, tashkilot va korxonalarda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ham bandligini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha taklif va tavsiyalar bildirildi. Saylovoldi dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash  bo‘yicha ilgari surilgan fikrlar ekspertlar tomonidan o‘rganiladigan bo‘ldi.