Afg‘onistonda yoqilg‘i tashuvchi mashina yonishi oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi

Parvan provinsiyasidagi Salang baland tog‘ dovonida ro‘y bergan baxtsiz hodisa haqida hudud politsiya boshqarmasi matbuot kotibi Kamran Zayd ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yoqilg‘i tashuvchi avtomashinadan alanga ko‘mir tashuvchi ikkita mashinaga o‘tib, 12 ta mashina yonib ketishiga olib kelgan.

Bag‘londan Qobulga yo‘l olgan avtotsisterna tunnelga yetganida yona boshlagan.

Salang tunneli dengiz sathidan 3,2 ming metrdan yuqori balandlikda, xuddi shu nomdagi dovon hududi - Hindikush tog‘larida joylashgan. Moskva metro quruvchilari tomonidan 1958-1964 yillarda qurilgan tunnel Qobulni Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari bilan bog‘laydigan yagona magistral hisoblanadi.