Afinada koronavirus sababli yangi cheklov choralari joriy etildi
Gretsiya poytaxti Afinada koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni oshganligi sababli, 21 sentyabrdan e’tiboran yangi cheklov choralari joriy etildi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
Cheklov choralari joriy etilishi to‘g‘risida o‘tgan hafta e’lon qilingan edi. Cheklovlar ro‘yxati yakshanba kuni hukumatning rasmiy gazetasida ma’lum qilindi. Ular 21 sentyabrdan 4 oktyabrga qadar Attika (Gretsiya viloyati, markazi Afina) poytaxt hududida amal qiladi.
Yopiq xonalarda va ochiq joylarda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar ishtirokchilarining maksimal soni 9 kishidan oshmasligi nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, kinoteatrlar yopildi, konsertlar bekor qilindi.
To‘y va marosim ishtirokchilari soni 20 kishidan oshmasligi belgilandi.
“Zaif guruhlarga mansub bo‘lgan yoki 65 yoshdan oshgan fuqarolarni himoya qilish maqsadida ularning harakatlanishini keyingi 14 kun davomida cheklash tavsiya etiladi” deyilgan bayonotda.
Bundan tashqari, xususiy va davlat sektorlari xodimlarining 40 foizi masofadan ishlash tizimiga o‘tkaziladi.
Ko‘chalarda odamlar to‘planishining oldini olish maqsadida davlat sektorlarida ish vaqti uch bosqichda boshlanadi – soat 7:00, 8:00 va 9:00 da.
Tungi klub, diskoteka va ko‘ngilochar maskanlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Kafe, bar va restoranlarga soat 7:00 dan tungi soat 00:00 gacha faoliyat olib borishga ruxsat berildi.