Gretsiya "yashil oltin"ga yangi bozor qidirishga majbur

Iqtisodiyotning ko‘plab sohalari uchun shafqatsiz koronavirus Gretsiyaning "yashil oltin"ini ham ayab o‘tirmadi. Joriy yilda zaytun yog‘i sektorining daromadi 650 million yevrodan oshmadi. Bu 2019 yilga nisbatan 20 foizga kam degani.

Sababi juda oddiy: zaytunzorlarning deyarli barchasi oilaviy korxonalar va chegaralar yopiq bo‘lganligi sababli hosilni yig‘ish uchun mavsumiy ishchilar kuchiga ishonib bo‘lmaydi. Endi ular faqat yaqin qarindosh-urug‘i yoki qo‘shnilar yordamiga tayanishi kerak.

"Zaytun yig‘adigan ishchilar yo‘q, oilamiz esa barcha ishlarni gardaniga ololmaydi. Shuning uchun yaqin qarindoshlar yordamga bel bog‘lashadi. Biz to‘rt aka-opalar, ularni birgalashib yig‘amiz", deydi zaytun yetishtiruvchisi Panayotis Outsikas.

Mahalliy aholi asosan kaksalardan iborat bo‘lgani uchun bunday ish ularga og‘irlik qiladi. Har qanday mahalliy yordam chet ellik ishchilarga bo‘lgan ehtiyojni qondirolmaydi. Nikos Argirakis minglab zaytun daraxtlarini yig‘ib olish uchun singlisi va keksa onasidan yordam so‘raydi.

«Oldingi yillarda qishlog‘imizga 100 dan 120 nafargacha chet ellik ishchilar kelardi. Bu yil ularning soni bor-yo‘g‘i 20 nafarga yaqin», deydi Nikos Argirakis.

O‘tgan yili Gretsiyada 275 ming tonna zaytun yog‘i ishlab chiqarildi. Mamlakat bunda Ispaniya, Italiya va Tunisdan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ammo ishlab chiqarishning pasayishi – yagona muammo emas. Karantin choralari tufayli restoran, oshxona va boshqa shunga o‘xshash muassasalar yopilishi zaytun yog‘iga bo‘lgan talabni kamaytirdi. Endi yunon "yashil oltin"iga yangi bozorlar qidirish kerak.