Gretsiya hukumati koronavirus bilan bog‘liq favqulodda vaziyat e’lon qildi
Gretsiya hukumati so‘nggi kunlarda mamlakatda koronavirus o‘choqlari soni oshayotganligidan xavotirda. Vaziyat o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Mamlakatning shimoliy qismidagi Kastoriya shahrida qat’iy karantin (lokdaun) joriy etildi. Bu haqda mamlakatning fuqarolar himoyasi vaziri o‘rinbosari Nikos Xardalias ma’lum qildi.
U mamlakatda koronavirus bilan bir kecha-kunduzlik kasallanish soni 865 nafarga, rekord ko‘rsatkichga yetganiga to‘xtalib o‘tdi.
“Bu epidemiya kuchayayotganidan dalolat beradi. Xavfli xuruj, ayniqsa, Shimoliy Gretsiyada o‘rtacha 37 yosh atrofida bo‘lgan, Salonikida esa o‘rtacha 28 yoshlilar orasida ko‘paymoqda”, dedi Xardalias.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab 24 ming rekord sonli test tahlillari o‘tkazilgan.
“23 oktyabr soat 6:00 dan boshlab Kastoriya eng yuqori 4-xavf darajasiga o‘tkaziladi. Yanina yuqori kuzatuv ostida 3–xavf darajasida qoladi, u yerdagi vaziyat 24 oktyabr kuni qayta o‘rganiladi. Saloniki, Beotiya, Larisa va Serra hududlari yuqori kuzatuv ostidagi 3-xavf darajasiga ko‘tariladi”, deb ma’lum qildi Xardalias.