Afrika va Yaqin Sharqdagi o‘ndan ortiq davlatlar ommaviy ocharchilik yoqasida
Bu haqda “Bloomberg” gazetasi BMT ma’lumotlariga asoslanib ma’lum qildi.
Mojarolar, iqtisodiy inqirozlar, ob-havo anomaliyasi va koronavirus pandemiyasi yuz minglab odamlarni oziq-ovqat mahsulotlaridan bebahra qilmoqda. Dunyoda beqarorlik ortib, 16 mamlakatga ochlik muammosi bilan tahdid solmoqda, deb yozadi gazeta.
BMT ekspertlari Burkina-Faso, Nigeriyaning shimoliy-sharqiy qismi, Janubiy Sudan va Yamanni ocharchilik muammosining "qaynoq nuqtalari", deb belgilashdi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi va ob-havo sharoiti vaziyatning yanada keskinlashuviga olib kelmoqda, deya ta’kidlashmoqda tashkilot mutaxassislari.
Avvalroq koronavirus pandemiyasi sababli ulkan masshtabda - ko‘p mamlakatlarda ocharchilik bo‘lishi bashorat qilingan edi. Ushbu prognozni Butunjahon oziq-ovqat dasturi (VPP) rahbari Devid Bisli berdi. Unga ko‘ra, pandemiya oqibatlarini yumshatishga global gumanitar tadbirlarni amalga oshirish uchun tashkilotga yaqin olti oy ichida deyarli 5 milliard dollar zarur.
Sentyabr oyida Devid Bisli milliarderlar va nufuzli tashkilotlarni dunyo bo‘ylab ochlikdan o‘lish xavfi ostida bo‘lgan 30 million odamni qutqarishda yordam berishga chaqirdi.