Afsonaviy mamlakatga sayohat
Hindiston – Janubiy Osiyodagi davlat. Insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi oʻchoqlaridan biri. Aholisi soni boʻyicha dunyoda ikkinchi (1,227 milliard kishi), maydoniga koʻra esa yettinchi (3 287 590 kilometr/kvadrat) oʻrinda turadi. Poytaxti – Dehli shahri. Farbda Pokiston, shimoli-sharqda Xitoy, Nepal va Butan, sharqda Bangladesh va Birma bilan chegaradosh.
HIND SORI YUZLANDIK…
Oʻzbekiston bilan Hindistonni koʻp asrlik tarixiy, madaniy-maʼrifiy aloqalar bogʻlab turadi. Ming yillar davomida ikki xalq madaniyati bir-biriga uygʻun tarzda shakllangan va rivojlangan. Ayniqsa, meʼmorlik anʼanalari, adabiy meros va xalq ogʻzaki ijodida uygʻun jihatlar koʻp.
Oʻzbek va hind xalqi orasidagi madaniy aloqalarning uzviy davomi va amaldagi ifodasi sifatida yaqinda yurtimiz ijodkorlaridan iborat delegatsiya tarkibida Hindistonda boʻlib oʻtadigan oʻzbek shoir va yozuvchilari asarlari jamlangan kitob taqdimotida qatnashdik. Yoshligimdan hind adabiyotini, sanʼat asarlarini sevganim bois bu afsonaviy yurtni tomosha qilish, Mirzo Bobur qadami tekkan zaminda boʻlish, dunyoning yetti moʻʼjizasidan biri boʻlgan Tojmahalni koʻrish ushalmas orzu boʻlib tuyulardi.
Bizni Dehli xalqaro aeroportida Hindistonning bir guruh ijodkorlari kutib oldi, iliq suhbatdan soʻng mehmonxonaga joylashdik.
Ertasi kuni Dehlidan Indor shahriga bordik. U yerda bizni Hindiston qitʼalararo madaniyat assotsiatsiyasi direktori Dev Bhardvaj (u bir oy avval Samarqandda mehmon boʻlgandi) va shu yerlik ijodkorlar kutib olishdi. Biz kabi bir necha davlatlardan shoirlar, yozuvchilar, tarixchi olimlar, tarjimonlar tashrif buyurdi. Mezbonlar mehmonlarni ertalabki nonushtaga taklif etishdi. Ular bir-biri bilan hind, ingliz tilida gaplashardi. Chunki hind tili Hindistonning rasmiy tili sifatida qoʻllanilsa-da, maʼmuriy ish yuritish va savdo-sotiq bilan bogʻliq ishlarda ingliz tilidan ham foydalanilar ekan. Umuman, Hindistonda huquqiy maqomga ega yigirma bitta til boʻlib, mamlakat aholisi 1600 dan ziyod shevada soʻzlashar ekan.
HIND GAZETALARI REKLAMAGA BOY
Hindistonda matbuot nashrlari – gazeta va jurnal oʻqishga qiziqish katta. Masalan, mehmonxonamizga har kuni “Hindustan times“(Hindiston yangiliklari), “The Tribune“(Minbar) gazetalarini keltirishdi. Gazetalarining aksariyati 32 betdan iborat. Shu bilan birga, har kuni ertalab mehmonxona maʼmuriyatining yonidagi taxtachaga ilingan gazetalarni ham kuzatdim. U gazetalar asosan ingliz tilida. Sarlavhasi va suratlariga qarab, gap nima haqida ketayotganini anglayman. “Delhi Times“, “The Times of India“ gazetalari Dehlida chop etiladi. Shuningdek, Indor shahrida ham ingliz tilida gazetalar chiqarkan. Gazetalarda reklamalarga nihoyatda koʻp oʻrin berilgan. Har bir sonida kino yulduzlarining tanish chehralarini uchratish mumkin. Nashrlarida ana shu ikki mavzu doimo mavjud. Biri obunachining diqqatini tortish, ikkinchisi mablagʻni koʻpaytirishga intilish ekanligi koʻrinib turibdi.
OʻZBEK IJODKORLARINING HINDISTONDA “SHIVIRLAGAN HIS“I
Sayohatimizning uchinchi kuni Indor shahrida asosiy tadbir boʻlib oʻtdi. Uni Dev Bhardvaj boshqarib bordi. Anjuman ishtirokchilariga ingliz va hind tilida nashr etilgan “The whisperingsense (English and Hindi Antology of Uzbek poets) First Published: 2018“ (Tarjima qilinganda “Shivirlayotgan his“ degan maʼnoni anglatuvchi antologiya) kitobi tarqatildi. Chiroyli muqovalangan kitobga oʻzbek badiiy adabiyoti va jurnalistikasi rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan Abdulhamid Choʻlpon, Halima Xudoyberdiyeva va bugungi kunda faoliyat koʻrsatib kelayotgan Sirojiddin Sayyid, Ismat Sanayev, Farmon Toshev, Ikromxon Valixon, oʻaybiddin Fazliy, Xurshid Nurullayev kabi yigirma uch nafar ijodkorning asarlaridan namunalar kiritilgan.
Anjumanda menga soʻz berilganida vujudimni ham faxr, ham hayajon chulgʻab oldi. Hindiston zaminiga qadam qoʻyganimdan buyuk boburiylar ruhini his qilganim, Hindistonning oʻziga xos tabiati, hindlar muqaddas deb biluvchi Ganga va Jamna daryolari bu yurt uchun qay darajada ulugʻ boʻlsa, Markaziy Osiyoning Amudaryo va Sirdaryosi oʻzbek xalqi uchun shunchalik muqaddasligi, aslida bu dunyoqarash zamirida oʻzbek va hind xalqlarining tinchliksevar, doʻstlikni ulugʻlovchi gʻoyalari yotganligi haqida soʻzladim. Soʻngra navbati bilan sheʼrlarimizdan namunalar oʻqidik.
Anjumanda keksa tarixchi Janardan Ratxaniya soʻz olib, boburiylar faoliyati, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ajdodlarimizning hind xalqi hayotida muhim oʻrin tutganligi haqida gapirdi. Uning ajdodlarimiz tarixini yaxshi bilishi bizni hayratga soldi. Buning sababini keyinroq bildik: 78 yoshli tarixchi olim aslida turkistonlik boʻlib, ota-bobolari bundan bir necha asr ilgari Hindistonga koʻchib borib, qolib ketgan ekan. Shu bois yurtimizga qiziqar, Oʻzbekistonni bobolari kindik qoni toʻkilgan yurt deb bilarkan. U suhbatimiz davomida his-tuygʻularini ifodalashga soʻz topolmas, hayajonlanar edi. Janardan mustaqillik tufayli yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar, erishilayotgan yutuqlardan faxrlanishini aytarkan, yuragimni Oʻzbekiston deya atalgan yurtda yashayotganimdan faxrlanish tuygʻulari egalladi, borganimizga uch kun boʻlmay yurtimni sogʻinganimni his qildim.
Anjumanda bizning har birimizga sheʼrlarimiz chop etilgan “Kafla qitʼalararo“ jurnalini berishdi. Shuningdek, samarqandlik ijodkorlar – men va Naim Rahim Hindiston qitʼalararo madaniyat assotsiatsiyasi tomonidan “Adabiyot nuri“, Yaxshigul Xidirova, Guljahon Mardon qizi “Adabiyot shaʼni“, Mehribonu Qilicheva “Adabiyot faxri“ mukofotlari bilan taqdirlandik.
TOJMAHAL – YETTI MOʻJIZANING BIRI
Tadbirlardan soʻng koʻhna shaharning tarixiy va diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Dastlab Humoyun Mirzoning qabrini ziyorat qildik. Ushbu qadamjo Sharqning betakror meʼmoriy anʼanalariga uygʻunligi bilan bizni hayratlantirdi. Keyin Dehlidagi Akshardham ibodatxonasiga bordik. U yerdagi holatni koʻrib, afsonalar olamiga tushib qolganday boʻldik goʻyo. Teatrlashtirilgan haykallarning xuddi tirik odamdek harakatlanib, soʻzlashi kishini hayratga soladi. Suv havzasidagi kemaga oʻtirsangiz, suzish jarayonida ikki tomondan harakatlanuvchi haykallar orqali hind madaniyati tarixi akslanar ekan. “Suv shousi“ ham juda qiziq. Unda qadimgi mif davri koʻrinishlari lazer nurlari yordamida jonlantiriladi. Bu yerdagi tarixiy ashyolar, eksponatlar koʻrgazmasi hind diyorining tarixi haqidagi tasavvurimizni yanada boyitdi.
Safarimizning beshinchi kuni Agra shahriga borib, Akbarshoh qabrini ziyorat qildik. Agra – Dehlidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan, Hindiston tarixidan soʻzlovchi moʻysafid shahar. Abadiy muhabbatga qoʻyilgan haykal – Tojmahal tarixiy obidasi joylashgan bu shaharni shoh Boburning nevarasi Shohjahon va uning suyukli ayoli Mumtozmahal oʻrtasidagi buyuk muhabbat qissasidan xabardor boʻlgan har bir kishi bilishi tabiiy. Jamna daryosi boʻyida qad rostlagan bu dargoh koʻngilni sehrlab qoʻyarkan. Bizni tarixiy obidalar bilan tanishtirgan majmua xodimlari maqbarani tongda yoki shom chogʻi ziyorat qilishni, bunda ranglar moʻʼjizasiga guvoh boʻlishimizni maslahat berdi.
Maqbaraga boqqancha oʻyga tolaman. Beixtiyor boʻgʻzimga nimadir tiqilib, koʻzlarimga kelgan yoshni yonimdan oʻtayotgan sayyohlardan yashirishga urinaman. Har bir narsadan maʼno axtaraman, har bir holat koʻzimga nimaningdir ramzi boʻlib koʻrinadi: qizil toshlar bilan qurilgan binolar orasida oq marmardan qurilgan maqbara. Qizil rang oshiq koʻngli-yu, oq rang begunohlik ramzi boʻlib tuyuladi menga. Mumtozbegimning qabri ustidagi qora marmarda esa ayriliq, bu dunyoning oʻtkinchiligi, har bir yaratilgan narsa oxir-oqibat yoʻqlikka yuz tutishiga ishora bordek tuyuladi. Buyuk hind mutafakkiri Rabindranat Thokur bu maqbarani bejiz “Abadiylik yuzidagi koʻz yosh“, deya taʼriflamagan deyman ich-ichimdan. Maqbaradan uzoqlashar ekanman, qizgʻin nurlar ichra ortimdan kuzatib qolgan mungli Arjumandbonuni ilgʻaganday boʻlaman.
Safarimiz yakuniga yetib, aeroport sari yoʻlga tushar ekanmiz, koʻnglimni yana sokin tuygʻular egallab oldi. Ancha vaqtgacha uning taʼsiridan chiqa olmadim. Ushbu satrlar xayolimdan oʻta boshladi:
Muhabbatga yoʻgʻrilgan qasr,
Yor hajrida oʻrtangan yurak.
Oʻtsa hamki necha yil, asr,
Xotirlarda yashaydi sergak.
Agra bunga shohiddir chunon,
Ne savdolar kechgan boshidan.
Jamna toʻlib oqarkan hamon,
Shohjahonning achchiq yoshidan.
Devorlari zumrad, naqshinkor,
Besh gumbazli marvarid oshyon.
Ikki olam moʻʼjizasi bor,
Ammo gʻarib koʻngillar giryon.
Toʻrt minora rostlar qaddini,
Mumtoz Mahal ruhi yuradi.
Yolgʻiz oʻtgan yorin dardini
Suyuklisi tinglab turadi.
Nurga choʻmib yotar Tojmahal,
Yer yuzida yagona bu hol.
Ishq qudratin koʻrsatar har gal
Sadoqatga qoʻyilgan timsol.
Hindistonda ajdodim izi,
Uni barcha tavof qiladi.
Bu timsolning asl negizi
Mening Bobur bobom boʻladi.
Dev Bhardvajga oʻz minnatdorchiligimizni bildirdik. Ular bilan xayrlashar ekanmiz, tilini bilmasak ham nima deyayotganini tushunib turardik. Koʻngillar tilga kirgan edi. Biz oʻtirgan samolyot havoga koʻtarilar ekan, hammamiz oʻzbek va hind xalqlari doʻstligi bardavom boʻlsin, deya niyat qildik.
Zuhra ESHONQULOVA.
Samarqand-Dehli-Agra-Indor-Samarqand.