Agar yadro urushi boshlansa, nima bo‘ladi?
Time jurnali ushbu yadro urushini modellashtirdi
Mojaroning bir tomoni yadroviy raketalarni uchirsa, boshqa tomon ham ularga javob qaytaradi.
Misol uchun, Amerika suv osti kemasi g‘arbiy Norvegiyadan ballistik raketalarni uchiradi. Ular Rossiyaga taxminan 10 daqiqada yetib boradi. Rossiya raketalari esa Kanada shimolidan bir necha daqiqada AQShga zarba beradi.
Birinchi zarbalar - yuqori chastotali elektromagnit impulslar - elektronika va quvvat tizimlarini "qovuradi", impuls kattaligi har bir metrga o‘n minglab voltni tashkil qiladi. Keyingi zarbalar qo‘mondonlik-nazorat punktlari va yer osti raketa shaxtalariga tushadi.
Yerda joylashgan qit’alararo ballistik raketalar yarim soatda yetib keladi. Nishon megapolislar bo‘ladi. Har bir zarba olovli – quyosh qobig‘i kabi issiq shar hosil qiladi. Uning orqasidan qo‘ziqorin shaklidagi radioaktiv bulut paydo bo‘ladi. Kuchli portlash va hamma joyni qamrab olgan alanga odamlarni kul qiladi. Kengayayotgan olovli shar to‘lqini atrofdagi bor binolarni vayron qiladi.
Buyuk Britaniya va Fransiya yadro quroliga ega. NATO nizomining 5-moddasiga ko‘ra, ular Qo‘shma Shtatlarni himoya qilishga majbur. Shuning uchun Rossiya ularga ham zarba beradi.
Yong‘inlar bo‘roni ko‘plab shaharlarni yutadi. Yadro yong‘inlari natijasida qora uglerod chiqindilari yadroviy qishga olib keladi. Aholisi Xirosimadan 50 baravar ko‘p bo‘lgan Moskva kabi megapolis juda ko‘p tutun chiqarishi tabiiy. Demak, yong‘in bo‘roni atmosferaga qora tutun ko‘taradi. Uni yuvish mumkin bo‘lgan har qanday bulutlardan ancha baland bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay Yerni muzli sovuq (hatto yozda ham) qoplaydi.
Yaqinda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotga ko‘ra, 5 milliarddan ortiq odam ochlikdan o‘lishi mumkin. Jumladan, AQSh, Yevropa, Rossiya va Xitoy aholisining taxminan 99 foizi shu ko‘yga tushish ehtimoli bor.
Shubhasiz, biz yadro urushidan qancha odam omon qolishini bilmaymiz. Agar bu olimlar tasvirlagandek dahshatli bo‘lsa, unda g‘olib yo‘q, faqat mag‘lublar bo‘ladi.
G.XOLDOROVA tayyorladi.