“Agrobank” Qo‘shrabot tuman filialida kartomat o‘rnatildi
Bank plastik kartochkalarini olish ancha-muncha vaqt talab qiladigan sertashvish yumush ekanligini undan foydalanuvchilar yaxshi biladi. Bu zamonaviy hamyonga ega bo‘lish uchun bank idorasiga borish, ariza yozish, pasportdan nusxa topshirish, keyin plastik karta tayyor bo‘lgunga qadar ikki-uch kun kutishga to‘g‘ri kelardi.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlari tezlashgani bois bu tashvishlar endi ortda qoldi. Hozir bank plastik kartalarini uyda o‘tirib ham bemalol rasmiylashtirish mumkin.
AT “Agrobank” Qo‘shrabot tuman filialida mijozlar uchun bundan-da qulay sharoit yaratildi. Bu yerda bank xizmatlari bozoridagi eng so‘nggi yangiliklardan biri – mijozlarga plastik kartochkalarni kishi ishtirokisiz beradigan maxsus qurilma – kartomat o‘rnatildi.
Bu qurilma orqali mijoz bank kartasini olish uchun “Face-ID” tizimi orqali identifikatsiya qilinadi va karta avtomat tarzda rasmiylashtirib beriladi.
Bank mutaxassislarining aytishicha, qurilma boshqa vazifalarni ham bajara oladi, chunonchi, eski kartalarni almashtirishi, kartalarni saralashi, mijoz haqidagi ma’lumotlarni xotirasida saqlashi mumkin.
Norbobo Shakarov.