Aholi boshqaruv servis kompaniyalari xizmatidan rozimi?

Ko‘p qavatli uylarga kommunal xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, aholiga qulay turmush sharoitlarini yaratish borasida boshqaruv servis kompaniyalarining o‘rni beqiyos. Jumladan, uy-joylardan foydalanishning mutlaqo yangi tizimi asosida xizmatlar ko‘rsatish, ma’nan eskirgan, og‘ir toifadagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari boshqaruvidan voz kechish, tizimda shaffoflik, xolislik va oshkoralikni ta’minlashni taqozo etmoqda.
Jumladan, Nurobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarning fasadi, tom qismi, yerto‘lasi, kirish yo‘laklari va tutash hududlarining obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari aynan “Nur-sifat-kommunal xizmati” MChJ boshqaruv servis kompaniyasi zimmasiga yuklatilganiga endigina 2 yil bo‘ldi. Ular esa hudud aholisining majburiy to‘lovlardan shakllangan mablag‘lari evaziga turli servis xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
- Yangi kompaniyaning faoliyati "dom"larda istiqomat qilayotgan aholi uchun yaxshi bo‘ldi, - deydi Amir Temur mahallasida yashovchi To‘ychi bobo Toshniyozov. – Shirkat davrida bo‘lmagan 24 soatlik avariya-dispetcherlik xizmati ham yo‘lga qo‘yilgani muammolarimiz ijrosini ancha qisqartirdi. Ular tomonidan ko‘p qavatli uylarga tutash bo‘lgan yer maydonlarining ko‘kalamzorlashtirilib, obodonlashtirilishi mahallamiz chiroyiga husn qo‘shmoqda. Uylar orasida artezian suv nasoslari o‘rnatilib, chiqindixonalar tashkil etilishi shaharchamiz atrof-muhiti va ekologiyasiga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda.
“Nur-sifat-kommunal xizmati” MChJ boshqaruv servis kompaniyasining ishchi -xizmatchilari 104 ta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ko‘p yillar kommunal sohada mehnat qilib, tajriba orttirgan Furqat Qodirov rahbarlik qilayotgan tashkilotda ishlayotgan 42 nafar ishchining 17 tasi hudud tozalovchisi hisoblanadi. Shuningdek, jamoada santexnik, elektrik, agronom va bog‘bon kabi o‘nga yaqin tajribali mutaxassislar jam bo‘lishgan.
- O‘n yildan ortiq uy-joy mulkdorlar shirkatiga rahbar bo‘lib ishlaganman, -deydi F.Qodirov. – Biroq bu kompaniya kommunal xo‘jaligi sohasida yangi tizimdir. Uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad esa ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari ongida uzoq yillardan buyon shakllanib kelgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari borasidagi tushunchasini o‘zgartirishdan iborat. Ikki tashkilotning ham maqsadi bir bo‘lsa-da, ammo ma’suliyatli vazifaning bajarilishiga bo‘lgan yondashuvi butunlay boshqacha.
Qisqa fursat mobaynida Spitamen ko‘chasidagi “dom”lar orasidagi 30 sotix keladigan tashlandiq hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xayrli ishning boshlanishi sifatida bolalar uchun o‘yin maydonchasi, dam oluvchilar uchun o‘tirg‘ichlar, qariyalar uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatib berildi. Shuningdek, avtoturargoh qurildi.
- Ancha yillardan buyon uyimizning tomidan chakka o‘tadi, shirkat davrida tunuka bilan qoplashlarini so‘rab, ko‘p bora murojaat qilgan bo‘lsak ham mablag‘ yo‘q, degan bahona bilan amalga oshmay kelyapti, - deydi Amir Temur mahallasi 8-uyda yashovchi Soniya Xo‘jamiyarova. – Endi shu muammomizni hal qilib berishlari uchun yangi BSKga murojaat qildik. Hozircha qishgacha bajaramiz, deya va’da berishmoqda. Ishqilib yog‘inli kunlarga qolib ketmasa bo‘lgani.
O‘tgan asrning 60-yillaridan keyin qurilgan 41 ta ko‘p qavatli uyning tomlari yumshoq qoplama bilan yopilgan. Oradan shuncha yil o‘tgach, ular eskirib ketib, yog‘inli-sochinli kunlarda tomlaridan chakka o‘tib keladi. Turli yillarda 18 ta ko‘p qavatli uyning tomi yangilandi. Biroq yana 86 ta uyning jami 40 ming kvadrat metr tom qismi zamonaviy yopqichlarga almashishi lozim.
- Buning uchun 14 milliard so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi, -deydi tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Vahob Rahmonov. – Tuman hokimligiga taklif bilan chiqqanmiz, tez kunlarda hal bo‘ladi. Qolaversa, mulkdorlarning o‘zlaridan tushayotgan badal mablag‘lari hisobidan ham qurilish-ta’mirlash ishlarini olib boryapmiz.
Shaharchaning Spitamen ko‘chasi 1-uyda yashovchi N.Shaptoqova uydagi kanalizatsiya tarmoqlarining yaxshi ishlamasligidan noliyapti. Uning aytishicha, 1967-yillarda qurilgan uy suvoqova tarmog‘ining quvurlari eskirgan. Markaziy tarmoqqa ulangan cho‘yan quvurlarni zamonaviylariga almashtirish zarur.
Hududdagi barcha uylar Qilichli mahallasida joylashgan markaziy suv oqova tozalash stansiyasiga ulangan. 2 ta ko‘p qavatli uy uchun esa suvoqova xandagi qurilgan.
- Deyarli barcha uylarning kanalizatsiya tarmoqlari cho‘yan quvurlar orqali markazga ulangan, -deydi F.Qodirov. – Suvoqova tarmoqlari yaxshi ishlamasligi rost, chunki 50 yildan buyon ularning aksariyati yer ostida tiqilib qolgan yoki sinib qolib ketgan. Shirkat davrida mablag‘ yetishmasligi sababli umuman e’tibor qaratilmagan. Navro‘z va Sharq yulduzi mahallalarida joylashgan 3 uyning kanalizatsiyasi butunlay yangilanishi kerak.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining BSKdan 550 million so‘m qarzi bor. Uning aksariyati shirkat davridan qolib kelgan qarzdorlik ekan.
Samarqand shahridagi Oltin asr, Rudakiy, Ali Qushchi, Adolat kabi 12 mahallada joylashgan 160 ta ko‘p qavatli uylarning obodonlashtirish ishlarini “Samarqand Oltin asr” MChJ o‘z zimmasiga olgan. Bir necha yillar ilgari mazkur hudud shirkatlar qaramog‘ida edi. Ayrim uylarda isitish tarmog‘i, yerto‘la, tabiiy gaz, elektr energiya va boshqa kommunal sohalardagi muammolar ko‘pligi tufayli yashovchilar orasida noroziliklar ko‘payib ketgan edi.
– Sovuq kunlar boshlanishi bilan xonadonlarimiz isimaydi, – deydi pensioner R.Xoldorova. – Shirkat mutasaddilariga muammolarni bartaraf qilish borasida takliflar berganmiz. Ammo bu ish bermadi. Yangi boshqaruv servis kompaniyasi vakillari bizning murojaatimizni o‘rganib chiqishdi. Uyimiz yerto‘lasida isitish tarmoqlari o‘rnatilgan, faqat xonadonlarga o‘tkazish biroz muammo bo‘lyapti. Ko‘pchiligida ijarachilar yashaydi. Uy egalarini topish qiyin bo‘lyapti.
Bag‘dod ko‘chasidagi 14-uyning oldida ekilgan yashil hududning maysalari qurib qolgan, begona o‘tlar o‘sib yotibdi. Artezian suv nasosi bor, lekin undan foydalanilmaydi. Bahorda ekilgan gul va daraxt ko‘chatlari qurib qolgan. Ularni parvarishlayotgan gulchi opadan hovlingizda suv qudug‘i bor ekan, nega shu yerdan olib quymayapsiz, deb so‘radim.
- Qachon qarama, bu suv nasosi ishlamaydi, shu sabab bog‘dagi o‘t-o‘lanlar, ko‘chatlar qurib qoldi. Xonadonimizdan idishga suv olib chiqib, hech bo‘lmasa, gul ko‘chatlarini sug‘orib qo‘yishga majbur bo‘lyapmiz.
Nega uy atrofida chiqindi qutilari o‘rnatilmagan? Nima uchun o‘rindiqlar talabga javob bermaydi? Nima uchun yashil maydonchaning qurib ketishiga yo‘l qo‘yildi kabi boshqa savollarga javob olish uchun uyboshi S.Ortiqovni topolmadik.
Shu uy yonida joylashgan 12-uyning hovlisida butunlay boshqacha holat. Bu yerda aholiga yaratilgan shart - sharoitlar yaxshiroq. Jami 44 ta kvartira joylashgan mazkur uyning o‘zi alohida mulkdor ekan. Uy oldida bolalar maydonchasi, sport maydoni, har bir o‘rindiq yonida chiqindi qutisi o‘rnatilgan. Atrof toza va ozoda, hovlini sug‘orish uchun artezian suv nasosi o‘rnatilgan.
- Ilgari biz yashaydigan uyga ham uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatar edi, - deydi Bag‘dod ko‘chasi 12- uyning uyboshi Denis Pireyev. - Gapning ochig‘i, yashovchilar uning faoliyatidan qoniqmadi. Kommunal tizimdagi oddiygina nosozlikni ham vaqtida bartaraf eta olmay, «ana boramiz, mana boramiz, mablag‘ topilsa, to‘g‘rilaymiz», degan bahonalar bilan ishni paysalga solavergach, fuqarolarning shirkatga ishonchi kamaydi. Natijada aholi oylik badallarni ham to‘lamay qo‘ydi. Endi o‘zimiz mustaqil bo‘ldik. Badal pulini o‘z vaqtida terib olib, kommunal servis xizmatlarini ham bajaramiz. Tomni qattiq qoplama bilan yopib, yerto‘lada issiqlik tarqatish punkti (ITP) o‘rnatib olganmiz. Endilikda fasadni ta’mirlashga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Darhaqiqat, BSK oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalari, ish uslubi jihatidan eski tizimdan farq qiladi. Ko‘p joylarda ularning ishlari aholiga ma’qul kelayotgan bo‘lsa, ba’zida esa ularning faoliyatidan norozilar ham uchrab turibdi. Asosiysi, ko‘p qavatli uylar obod bo‘lib, aholi murojaatlari tezroq ijobiy yechim topsa, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati ham tizimli ravishda rivojlanadi.
Dilmurod TO‘XTAEV.
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.