Aholi nima uchun ro‘yxatga olinishi kerak?
Aholini dastlab ro‘yxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan.
Aholidan soliq yig‘ish, ya’ni boj olish hamda harbiy maqsad uchun aholi sonini aniqlash muhim bo‘lgani sababli ham ayni ishlar qilingan. Erkaklarning iqtisodiy o‘rni yuqori bo‘lgani, soliq to‘lashda faqat erkaklar, ya’ni oila boshliqlari qatnashgani bois, asosan erkaklar ro‘yxatga olingan.
Aholini ilk bor rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda, keyinchalik 1800 yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801 yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo ro‘yxatga olish juda oddiy shaklda bo‘lib, uzoq muddatga cho‘zilgan. AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda – 151 ta davlatda, 1965-1974 yillarda – 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. Hozirgi paytda dunyodagi deyarli barcha davlatda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.