Aholi ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirmoqda
Ayni kunlarda viloyatimiz hududlarida ziyoratgoh va qabristonlarni tozalash va obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, Oqdaryo tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Dahbed», "Jarqishloq" qabristonlari va atrofida tashkil etilgan obodonlashtirish, tozalik ishlarida tashkilotchilar, mahalla ahli hamda qator tashkilot a’zolari ishtirok etmoqda. Obodonlashtirish ishlarida 400 ga yaqin aholi qatnashmoqda. Natijada hudud shox-shabbalardan, qabriston atrofi chiqindilardan tozalanyapti, ariq yo‘llari ochilyapti.
– Erta tongdan hashar bo‘lishini eshitib, mahallamiz va qo‘shni Bozorjoy, Dahbed, Paxtabod mahallalaridan yosh-u qari kelishdi, – deydi Alisher Navoiy nomli mahalla raisi Rajab Jumayev. – Hashar, ayniqsa, qabristonlar tozaligi va obodonchiligi uchun o‘tkaziladigan hashar insonga mehr-oqibat, odamiylikdan saboq beruvchi bebaho tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbir sanaladi. U o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini bog‘laydi. Buni anglagan mahalladoshlarimiz hasharda birdamliklarini ko‘rsatishmoqda.
Obodonlashtirish tadbirlarida Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov hamda Oqdaryo tumani hokimi F.Abilov ishtirok etmoqda.
Abdujabbor PO‘LATOV.