Mahallangizga Prezident kelib qolsa...

Keyingi kunlarda mamlakatimiz rahbari tashrif davomida to‘satdan, rejada ko‘zda tutilmagan manzillar, mahallalarga kirib borayotgani haqidagi lavhalarni kuzatyapmiz. Aslida holatdan xabardor bo‘lish, kamchiliklarni tuzatish uchun davlat rahbarini kutish shartmi? Umuman, mahalladagi ahvol bilan kim qiziqadi? Hamma ayb mahallaga ag‘dariladi-yu, ammo u qaysi mablag‘ evaziga buni amalga oshirishi kerakligi so‘ralmaydi? Ba’zi mahallalar esa bor imkoniyatdan foydalanishni istamaydi.

Darvoqe, biz ushbu rukn ostida maqola tayyorlash niyatida ba’zi mahallalarga kirib borganimizda ertalab soat 10 da chang artib turgan mahalla xodimlarini, ba’zilarida esa «Toshkentdan komissiya yurganmish, u yoq-bu yoqlarga qarab qo‘yinglar», deya ishga kirishganlarini, ba’zilarida qaysidir tashkilotlardan xodimlar kelib, “suhbat o‘tdimi-o‘tdi” qabilida suratga tushib ketganlariga ham guvoh bo‘ldik.

Bugun esa viloyatning uzoq tumani yoki Samarqand shahrining chekkaroq joyi emas, balki markazidagi mahallalarga kirib, aholi, mutasaddilar bilan gaplashdik.

Samarqand shahar Farovonlik mahallasi

Mahallaga kirib borishingizda betonli simyog‘ochlarga yopishtirilgan e’lonlar diqqatingizni tortadi. «Quduq kovlaymiz, telefon raqamlarimiz….». Nega bu ko‘chalarga ushbu mazmundagi e’lon kerakligini  tushunib olish qiyin bo‘lmasa kerak. Bu haqda hali to‘xtalamiz.

Ko‘chalar har doim biz ko‘nikib qolgan, o‘ydim-chuqur, u yer-bu yerlarida chiqindilar tashlangan, ammo aksariyati toza-ozoda. Bugun mahalla ahlini qiynayotgan muammolar nechog‘lik? Bu haqda avval mahalla faollari bilan gaplashish niyatida mahalla idorasiga bordik.

-  Mahalla ahliga shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaqin kunlarda hududda novvoyxona, tikuvchilik sexi tashkil etish rejalashtirilgan, - deydi mahalla raisi o‘rinbosari Zarnigor Latipova. – Shu yil mahalla ichki ko‘chasining 500 metrga yaqin hududiga tadbirkorlar tomonidan asfalt yotqizildi. Inson yashayotgan hududda, albatta muammolar bo‘ladi va ularni bosqichma-bosqich hal etib borish vazifamizga kiradi. Shu yil mahallamizdagi uchta ko‘chada elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo ko‘p bo‘ldi. Murojaatlarimizga “Samarqand shahar hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi ushbu hududdagi transformatorni almashtirish 2022 yilgi dasturga kiritilganini aytdi. Shuningdek, mahallamizdagi 8 ta ko‘chadan oqova suv quvurlari o‘tmagan, odamlar hovli ichida quduq qazishga majbur. Bu bo‘yicha ham bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Kelgusi yil dasturlariga kiritish haqida xat jo‘natilgan.

Hozir chiqindi tashib ketish holati yaxshi tashkil qilingani aholiga ma’qul. Har hafta ikki marotaba mashina kelib, xonadonlardagi chiqindini tashib ketadi.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘chalarda yotgan chiqindilarni ko‘rib dilingiz xufton bo‘ladi.

Samarqand shahar Siyobcha mahallasi

Ushbu mahalla Samarqand shahridagi katta mahallalardan biri. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab ichkariga kirar ekansiz chiroyli, zamonaviy xonadonlar bilan birga e’tibordan chetda qolgan hovlilarni ham uchratasiz. Nogoh, bu yerda odam yasharmikan, degan o‘y xayolimizdan o‘tadi. Afsuski, yashovchilar bor, ammo o‘z hududiga e’tibor yo‘q.

Mahalla markaziga borganimizda binoni ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ekan. Mazkur bino 1858 yilda qurilgan bo‘lib, YuNESKO ro‘yxatida turadi. Loyiha ham uning qadimiyligini saqlagan holda ishlab chiqilgan. Mahalla raisi bilan suhbatimiz ko‘chalarni aylanib davom etdi.

- Bilasiz, mahallamizdan Siyobcha arig‘i o‘tgan, - deydi mahalla raisi Svetlana Shebelnikova. - Ko‘p hollarda ariqdan suvning qirg‘og‘idan toshib oqishi atrofdagi uylarga ziyon yetkazmoqda. To‘g‘ri, viloyat hokimi kelib vaziyatni o‘rgangach, ariqda tozalash ishlari olib borildi. Baribir aholi xavotir bilan yashaydi. Ichki ko‘chalarimiz ta’mirtalab. Mahmud Koshg‘ariy, Pushkin, Bahodir Yalangto‘sh, Abdurahmon Jomiy nomli ko‘chalarda tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan. Jomiy ko‘chasida tungi chiroqlar uchun ustunlar bor-u chiroq yo‘q. Kech tushishi bilan qorong‘i ko‘chalarda yurishga to‘g‘ri keladi. Bizni qiynaydigan muammolardan yana biri - Mahmud Koshg‘ariy va Aburahmon Jomiy nomli ko‘chalari kesishmasida piyodalar yo‘lakchasining yo‘qligi. Bu yerga svetofor o‘rnatilgandi, ammo uning vaqti to‘g‘ri hisoblanmagani uchun avtomobillar tirbandligi paydo bo‘lgach, olib tashlandi. Bolalar bog‘chaga, maktabga qatnashda bu yo‘ldan o‘tishga juda qiynaladi.

Haqiqatda mashinalarning bir-biriga yo‘l bermasdan harakatlanayotgan bu yo‘l kesishmasida piyodalarning o‘tishi mushkul. Biz ham ancha vaqt turib qoldik.

Mahalla raisining aytishicha, mazkur mahallada 11 nafar nafaqa yoshidagi keksalar, 50 nafar nogiron kishilar istiqomat qiladi. Mahalla tadbirkorlari tomonidan ularga har tomonlama ko‘mak berilmoqda. Kimdir oziq-ovqat mahsulotlari bersa, yana biri o‘z xizmatidan bepul foydalanishni taklif etadi. Bu borada mahalla raisining ham o‘rni katta. Mahallada bo‘layotgan yangiliklar, olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari haqida mahallaning telegram kanalida berib boriladi.

Aytish kerakki, viloyatda hali «Obod qishloq» dasturi tumanlarda joriy etilgan paytlardayoq shaharning chekkaroq mahallalarida obodlik, o‘zgarishlar amalga oshirilib, shaharning ko‘pchilik borishga hadiksiraydigan hududlari obodonlashtirildi. Kimyogarlar, Farhod shaharchasi mana shunday hududlar sirasiga kiradi. Nega bu tajriba to‘xtab qoldi? Ushbu jarayon davom etsa, Samarqand shahridagi bir necha mahallalar fuqarolari ijro muddati noma’lum dasturlarni kutib yurmasmidi?..

Gulruh Mo‘minova,

Nasiba Jonto‘rayeva,

«Zarafshon» muxbirlari.