Aholiga tadbirkorlik bo‘yicha masofadan ta’lim berilmoqda

- Tadbirkorlikka qiziqaman, ammo hujjat yuritish, bank operatsiyalarini bajarish, biznes-reja tuzish bo‘yicha ko‘nikmam yo‘q. Hozirgi sharoitda masofadan, onlayn tarzda tadbirkorlikka o‘qitadigan markazlar bormi?

Asliddin TURDIYeV,

Payariq tumani.

- Bor. Bizning “Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi» viloyat filiali bugungi pandemiya sharoitida uyushmagan yoshlar, mahallalardagi ishsiz aholi uchun masofaviy bepul tadbirkorlik o‘quv kurslarini tashkil qildi.

Bunda siz 22 soatga mo‘ljallangan “Tadbirkorlik faoliyati asoslari” va “Moliyaviy savodxonlik asoslari” masofaviy (onlayn) kurslarida ishtirok etishingiz mumkin. Mashg‘ulotlarni sohaning malakali mutaxassislari olib boradi. Bir hafta davom etadigan mashg‘ulotlarda mustaqil ravishda biznes faoliyatini boshlash, biznes-reja tuzish, bankda milliy hamda xorijiy valyutada hisobvaraq ochish, kredit olish shartlari, tartibi hamda tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lasiz. Qo‘shimcha savollar bo‘lsa, mutaxassislar mashg‘ulotlar so‘ngida yana ma’lumot berishadi. Haftalik kurslar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar beriladi.

Kurslarda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish shartlari haqida markazimizning alternatus.uz yoki director.uz onlayn o‘quv kurslari portali orqali bilishingiz mumkin.

Ma’lumot o‘rnida: karantin davrida tashkil etilgan kurslarimizda hozirgacha 151 nafar tadbirkorlik faoliyatiga qiziqqan tinglovchilar qatnashib, sertifikatga ega bo‘ldi.

Nodir BOBOKALONOV,

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi viloyat filiali rahbari.