Aholisi eng baxtiyor deb topilgan top-10 mamlakat
Umumjahon baxt hisoboti (World Happiness Report) – bu BMTning Barqaror rivojlanish uchun yechimlar topish bo‘linmasi tomonidan chop etiladigan yillik hisobot.
Milliy baxt darajasini baholashda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot, jismoniy qo‘llab-quvvatlanish, umr ko‘rish davomiyligi, fuqarolarning o‘z hayotiy muhim qarorlarni qabul qila olish erkinligi, saxovatlilik va korrupsiyaga munosabati kabi 6 ta omildan foydalaniladi.
Quyida ana shu hisobotga asosan, eng baxtli mamlakatlar haqida ba’zi qiziqarli faktlarni keltiramiz.
10-o‘rin Yangi Zelandiya
Yangi Zelandiya dunyoda birinchilardan bo‘lib, 1987 yilda o‘zini yadrosiz davlat deb e’lon qilgan. Amalda, bu uning hududiy suvlariga yadroviy kemalar yoki yadro quroliga ega kemalar kira olmasligini anglatadi. Mamlakat orollarida atom elektr stansiyalari ham mavjud emas.
Yangi Zelandiya aholisiga 15 yoshdan boshlab mashina haydashga ruxsat berilgan.
9-o‘rin Isroil
Isroilda yangi hafta dushanba kuni emas, yakshanbadan boshlanadi, ayollar erkaklar bilan bir qatorda armiyada xizmat qiladi. Mamalakatdagi saraton kasalliklari davolash darajasi eng yuqori foizlarga ega.
Kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan har qanday kishi Isroil bo‘ylab bepul sayohat qilishi mumkin. “Taglit” loyihasi 18 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan har bir kishiga mamlakatga bepul tashrif buyurish imkoniyatini taqdim etadi. Asosiysi, yahudiy ildizlariga ega bo‘lish (hech bo‘lmaganda bobo va buvisi yahudiy bo‘lishi kerak) va bu haqda hujjat bilan isbotlab berishga tayyor bo‘lish.
8-o‘rin Norvegiya
Butun Norvegiyada 10 milliondan kamroq aholi yashaydi. U yerdagi o‘rtacha oylik ish haqi besh-olti ming yevro atrofida, narxlar juda qimmat, soliqlar ham juda katta. Norvegiyadagi qamoqxonalar ko‘proq yaxshi sanatoriylarga o‘xshaydi. Rasmiylarning fikricha, hatto og‘ir jinoyat sodir etgan jinoyatchilar ham nafaqat jamiyatdan ajratib qo‘yilishi, balki qamoqdan chiqqandan so‘ng ular yangi hayot boshlashi va jamiyatning foydali a’zosiga aylanishi uchun qayta tarbiyalanishi kerak.
7-o‘rin Shvetsiya
Shvetsiyada qoni boshqa birovning hayotini saqlab qolgan donorlarga sms-xabar keladi. Chiqindining 99 foizi qayta ishlanadigan mamlakat axlatni qayta ishlash bo‘yicha haqiqiy inqilobchi hisoblanadi. Bu sanoatni keyingi bosqichga olib chiqqan Shvetsiya hatto qo‘shni davlatlardan chiqindi sotib oladi.
6-o‘rin Lyuksemburg
Dunyodagi ikkinchi eng boy davlat eng past soliq stavkalariga ega, bu Gersoglikni tabdirkorlik qilish uchun qulay joyga aylantiradi. Lyuksemburgdagi har 1000 kishiga 600 dan ortiq avtomobil to‘g‘ri keladi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki ishchilarninng yarmi boshqa mamlakatlardan Lyuksemburgga qatnab ishlaydi.
5-o‘rin Gollandiya
Sizningcha, Yevropadagi eng baland odamlar kimlar? Albatta bu gollandlar! Dunyodagi eng yirik pishloq eksportchisi hisoblanadigan davlatda odamlarga qaraganda velosiped ko‘p. Shuningdek, Gollandiya dunyoning eng yirik lola ishlab chiqaruvchisi va eksportchisi hisoblanadi.
4-o‘rin Shveysariya
Shveysariya fuqarosi bo‘lish uchun siz mamalakatda kamida 12 yil yashashingiz kerak bo‘ladi. Mamlakatda jinoyatchilik darajasi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlariga ega. Shveysariya aholisi chiqindini maxsus stikerli konteynerlarga tashlashlari shart, aks holda katta miqdlrda jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi. Chiqindi chiqarib tashlash qimmat bo‘lganligi sababli, ko‘plab shveysariyaliklar tovarlarni paketlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘konlarda bo‘shatishadi.
3-o‘rin Islandiya
Islandiya uylaridagi issiq va sovuq suvlar mahalliy buloqlar va geyzerlar tomonidan ta’minlanadi. Ularning suvi shunchalik tozaki, uni qo‘shimcha filtrlashsiz ichish mumkin.
Islandiyada temir yo‘l yo‘q. Mamlakatning deyarli barcha aholisi (90%) internetga kirish imkoniyatga ega – hatto AQSh ham tarmoqning bunday keng tarqalganligi bilan maqtana olmaydi.
2- Daniya
Velosipedlari soni avtomobillariga qaraganda 2 baravar ko‘p Daniyaliklar har kuni “ikki g‘ildirakli”da o‘rtacha bir million kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishadi.
Daniyada dengizdan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan bironta ham joy yo‘q. Mamlakatning faqat bitta quruqlik chegarasi bor – bu Germaniya bilan bo‘lgan chegara. Masalan Shvetsiya bilan Daniya faqat ko‘prik orqali bog‘langan.
1-o‘rin Finlyandiya
2022 yilgi hisobot natijalariga ko‘ra Finlyandiya ketma-ket beshinchi yil dunyoning eng baxtli davlati deb topildi. Finlyandiyadagi suvning 80 foizi nihoyatda toza va eng yuqori sifatli deb tasniflanadi.
Bu yerdagi 5 milliodan ortiq aholiga 2 milliondan ko‘proq saunalar bor. Ikkinchi jahon urushi paytida Finlar Germaniya tomonida jang qilgan.
Mamlakatda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar huquqbuzarning maoshiga bog‘liq. Ish haqi qanchalik yuqori bo‘lsa, jarima miqdori ham katta bo‘ladi. 2014 yilda tezlikni 40 km/soatiga oshirganligi uchun qoidabuzar dunyodagi eng katta – 170 ming yevro miqdorida jarima to‘lagan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.