Ajalni kuldirgan odam

Sababsiz kulgi – ahmoqlik belgisi. Ko‘pincha kattalar xoxolab kulayotgan yoshlarga achchiq qilib gapirishi bor gap. Bu nisbiy  aytiladigan ibora deb hisoblasak, har qanday shifokor qo‘shimcha qilingan tabassum sog‘liqqa foydali ekanligini tasdiqlaydi.

1930 yilda Fransiya gazetalarining biri co‘rov uyushtirib, fransuzlar kuniga o‘rtacha 19 daqiqa kulishini aniqladi. 1980 yilga kelib bu raqam 6 daqiqaga tushdi. Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, bola kuniga taxminan 400 marta, kattalar esa atigi 15 marta kular ekan. Axir kattalar tub ma’noda jiddiy bo‘lishi kerak-da. Ayollarning ko‘p kulishi esa ularning umrini uzaytirishga, erkaklarga qaraganda ko‘p umr ko‘rishiga yordam berar ekan.

Gelotologiya yoki kulgi fanining asoschisi Norman Kazins tarixda o‘limni kuldirishga muvaffaq bo‘lgan inson sifatida tanildi. U inson ruhiyatining kasallikdan sog‘ayib ketishga qo‘shadigan hissasini o‘z hayotiy tajribasi orqali ko‘rdi. Noyob bo‘g‘im kasalligidan aziyat chekkan Kazins hatto shifokorlar unga qo‘l siltagan paytda ham xonaga kirib, bir necha soat davomida kinokomediyalarni tomosha qildi. Natijasi hayratomuz bo‘ldi. Bir haftadan so‘ng og‘riqlar qolib, bir oydan keyin u harakatlanishni boshladi, ikki oydan keyin esa ishga chiqdi. Biz xoxolab kulganimizda tanada serotonin, endorfin va dofamin kabi neyromediatorlar ajralib chiqar ekan. Kulgi - hayot qo‘zg‘atuvchisi sifatida tanamizdagi barcha biokimyoviy jarayonlarni harakatga tushirib, rag‘bat olishiga ko‘makdosh bo‘ladi.

Bu hodisa 50 yil oldin bo‘lib o‘tgan edi. «Saturday Review» nashri bosh muharriri, kuch va g‘ayratga to‘lgan jurnalist Norman Kazins to‘satdan o‘zini yomon his qila boshladi. Tana harorati ko‘tarilib, tanasida og‘riq paydo bo‘ldi. Sog‘lig‘i yomonlashib, bir hafta ichida harakatlanishi og‘irlashdi. Bo‘ynini bura olmay, qo‘llarini ko‘tarishi qiyinlashdi, hatto ovqatlanish uchun ham jag‘ini ocholmay qoldi. Shifoxonada unga ko‘pincha sabablari noma’lum va bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan yuzta tashxisdan iborat bo‘lgan kollagenoz – autoimmun kasalligi tashxisi qo‘yildi.

Qo‘rquv, siqilish va taqdirning adolatsizligidan ranjigan Norman umidsizlikka tushdi. U yaqinlari bilan ham gaplashmay qo‘ydi, kunlarini shifoxona devori tomon o‘girilib o‘tkazardi. Davolovchi shifokor Xitsig uni iloji boricha qo‘llab-quvvatladi, eng yaxshi mutaxassislarni jalb qildi. Lekin kasallik rivojlanishdan to‘xtamasdi. Norman doktordan uning kasalligi qancha vaqt davom etishini so‘radi. Javobi esa uni hayratda qoldirdi: kollagenoz bilan og‘rigan besh yuz bemorning faqat bittasi sog‘ayib ketar ekan.

Ushbu suhbatdan so‘ng Norman kechasi bilan uxlamay chiqdi. Shu paytgacha shifokorlar men haqimda qayg‘urib, qo‘lidan kelgan narsalarni qildi. Lekin yordam berisholmadi. Agar men tirik qolishni istasam, o‘zim harakatlanishim va davolanishni boshqa yo‘lini o‘ylab topishim kerak, deb o‘yladi.

U doktor Xitsigning olimlar aniqlab bergan kasalliklarga qarshi kurashish uchun inson endokrin tizimi to‘liq ishlashi kerakligini, ruhiy tushkunlikka tushganda esa ushbu tizim faoliyati susayishi to‘g‘risida aytgan gaplarini esladi. Bundan tashqari, har bir odamda juda oddiy va arzon shifo vositasi - kulgi bor bo‘lsa.

Kazins taniqli shifokor va olimlarning ishlarini o‘rganishga kirishdi va ularning ijobiy his-tuyg‘uning muhimligiga katta ahamiyat berishganligini o‘zida sinab ko‘rdi. XVII asrda yashab ijod qilgan shifokor R.Barton o‘z kuzatuvlarida kulishni shunday tasvirlagan ekan: “Kulgi qonni tozalaydi, tanani yoshartiradi, yurak xastaligidan saqlaydi”.

Faylasuf Immanuil Kant o‘z ishlarida “kulgi tanadagi barcha hayotiy jarayonlarni faollashtiradi” deb tasdiqlagan. Psixolog-nevrolog va psixoanalitik Zigmund Freyd esa “hazil-mutoyiba inson ruhiyatining o‘ziga xos namoyishi, kulgi esa noyob davolash vositasi” deb aytgan ekan.

Amerikalik olim U.Frey kulgining yurak, qon tomirlari va nafas yo‘llariga, shuningdek, mushaklarning umumiy faolligiga ijobiy ta’sirini ilmiy asosda isbotlab berdi. Boshqa zamonaviy olimlar ham kulgi ta’sirida odam miyasi o‘zidan morfiy ajratishini va u ichki og‘riq qoldiruvchi vazifasini bajarib inson tanasini bo‘shashtirish bilan birga kasallik bilan kurashish uchun bor kuchini sarf qilishga yordam berishini aniqlab berishdi.

Shifokorlarning qarshililiga qaramay, u kasalxonadan chiqib, unga kasallik haqida hech narsani eslatmaydigan mehmonxonaga ko‘chib o‘tdi. Unga yaqin do‘st bo‘lib qolgan Xitsig doim uning yonida edi. Tanadagi barcha biokimyoviy ta’sirlarni faollashtirish uchun Kazinsning kulgidan foydalanish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Mehmonxonaga kinoprektor, kuldiradigan filmlar va kitoblar olib kelindi.

O‘n daqiqalik majburiy kulgidan so‘ng u o‘zini g‘oyatda baxtiyor his qildi. Ikki soat og‘riqsiz uxlab ham oldi. “Og‘riqsizlantiruvchi” dori ta’siri tugashi bilan hamshira yana kinoproyektorni yoqar yoki kulgili hikoyalarni o‘qib berardi. Shu tobda bir necha kun davom etishdi. Og‘riqlar asta-sekin kamayib, Kazinsni bezovta qilmay qo‘ydi. Kulgining og‘riqsizlantiruvchi ta’siri isbotlandi. Endi kulishning endokrin tarmog‘iga ta’sirini bilish maqsadida doktor Xitsig Kazinsdan kinoseansdan oldin va keyin tahlil qilish uchun qon olib turdi. Har gal qon tahlili tanadagi yallig‘lanish kamayib borayotganini ko‘rsatdi. Kazinsning ruhi ko‘tarildi, “Kulgi – eng yaxshi dori”, degan maqol fiziologik asosga ega bo‘ldi.

“Kulgiterapiya” dasturi avj oldi. Kazins kuniga olti soatdan kam kulmasdi. Ko‘zlari shishib ketardi va bu sog‘ayish ko‘z yoshlari edi. Shamollashga qarshi dori vositalari kamaytirilib, keyinchalik umuman dori ichmay qo‘ydi, uyqusi maromiga qaytdi.

Bir oydan so‘ng u barmoqlarini qimirlata boshladi. U ko‘zlariga ishonmasdi, badanidagi yo‘g‘onlanish va tugunlar pasayib bordi. Yana bir oydan so‘ng karavotda faol harakatlana boshladi va bu juda yaxshi holat edi. Oyoqqa turish payti keldi, lekin qo‘lini baland ko‘tarib, tokchadan kitob olishga qiynalardi. U kasallikdan xalos bo‘lib, ishga qaytishi mumkin bo‘ldi. Shuning o‘zi Kazins uchun haqiqiy mo‘’jiza edi.

O‘n yil o‘tib Kazins tasodifan o‘zini harakatsizlikka va keyinchalik o‘limga mahkum qilgan shifokorlardan birini uchratdi. U Kazinsni tirik va tetik holda ko‘rib, nihoyatda hayratlandi. Salomlashib, Norman doktorning qo‘lini shu qadar qattiq siqdiki, u og‘riqdan bujmayib qoldi.

Kazinsning har bir inson o‘zi bilmaydigan va ishlata olmaydigan shifobaxsh kuchga ega, degan shaxsiy nazariyasi bor edi. O‘spirinligida sil kasalligi sihatgohiga tushib, hayotga nekbinlik bilan qaraydigan kasallar tezroq sog‘ayib, umidsizlari esa sog‘ayishga moyilligi past ekanligini kuzatgandi.

Norman Kazins umrining oxirgi yiligacha Kaliforniya universitetining meditsina maktabida faoliyat yuritdi. U yoshlarga har bir bemorda davolovchi kurash ruhini faollashtirishni o‘rgatgan birgina meditsina ma’lumotiga ega bo‘lmagan o‘qituvchi bo‘lgan bo‘lsa kerak.

1976 yilda Norman Kazins “Kasallik anatomiyasi (bemor nuqtai nazaridan)” avtobiografik kitobini nashrdan chiqardi. Muallif o‘zining tajribasiga tayanib, insondagi ijobiy his-tuyg‘u hatto jiddiy kasallikni davolay olishini namoyon qildi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.