Aka shunday: Yaxshisini ilinadi, og‘irlikni o‘ziga oladi
"Armon
Akam bilan oramizda ikki yosh farq bor edi. Bugun akamdan yetti yosh kattaman...
Men o‘qidim, akam o‘qiy olmadi. Har hafta qishloqqa kelsam, ohorli bo‘lgan qanday kiyimi bo‘lsa, menga berardi. "Sen o‘qiyapsan, yaxshiroq kiyin. Menga bo‘laveradi" derdi. Va yana uniqqan kiyimda qolaverardi...
Talabalik davrimda ko‘pincha daftar-kitoblarim orasidan qog‘ozcha chiqardi. Akamning xati: "Senga havas qilaman. Omadingni bersin, yaxshi o‘qi".
Qachondir akam ham o‘qiydi derdim. Albatta o‘qitishimga ishonardim. Faqat ozgina o‘zimni tutib olay, derdim.
O‘zimni tutib olgunimcha, akamni Alloh olib ketdi. O‘ttiz yoshda edilar. Shu sabab o‘ttiz yoshdan uzoqlab borayotganim doim og‘riq beradi. Akamdan yetti yosh kattaman bugun.
Ikki o‘g‘il, bir qizlari qolgan. Biroz oldin qishloqdan chiqdim. Ma’rakaga boryapman. Poyabzalimni olmagan ekanman. Jiyanlarimning ikkovi ham yangi oyoq kiyimini olib chiqdi. Yuqori sinfga o‘tishgan. Kiyib ko‘ring deyishdi, menga loyiq keldi. Ular katta bo‘lib qolishganidan kulishardi, men akamni eslab yig‘ladim. Ichimda. Aytmadim, bildirmadim. Hoziram ko‘zimda yosh...
Jiyanlarim - ularda akam yashayapti! Alloh sizlarni asrasin.
Aka shunday. Yaxshisini ilinadi, og‘irlikni o‘ziga oladi. Jigarlaringiz qadriga yeting...
Isomiddin Po‘latov.