Akasini himoya qilib, boshqaga tan jarohati yetkazgani uchun qamaldi

Joriy yilning fevral oyida urgutlik B.Kamoliddinov hamqishlog‘i N.Nazar akasini urib tan jarohati yetkazayotganini ko‘rib qarab turmadi. U akasini ajratib olish maqsadida o‘tmas qattiq jism bilan N.Nazarni bir necha marotaba urib, unga qasddan shikast yetkazgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi appelyasiya instansiyasida mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni o‘rganib, tegishli shaxslarning fikrlarini tingladi.

Unga ko‘ra, birinchi bosqich sudi B.Kamoliddinovga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda uning sodir etgan jinoyatining xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, aybiga iqrorligini, muqaddam sudlanmaganligini, uni xulqini jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin emasligini, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi borligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 57-moddasini qo‘llab, qonun sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini eng kamidan ham kamrog‘ini tayinlab qonuniy, asosli va adolatli to‘xtamga kelgan.

B.Kamoliddinov ayni kuchga to‘lgan – 19 yoshida keyingi ikki yilini manzil koloniyada o‘tkazishi kerak.

I.HAMIDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining sudyasi.