Aks-sado: «vijdonini sotgan» kimsa jamiyat zavoli

Maqolani o‘qib, unda yozilgan fikrlar aynan bugun aytiladigan gap, degan xulosaga keldim. Chunki maqoladagi “Vaqtida do‘kon ochib, o‘g‘rincha mol sotib, dang‘illama imorat qurgan, qo‘shxotinli shaxs, o‘z hamtovoqlari tufayli kasodga uchrab, kasallik orttirib, endi har kuni portal orqali davlatdan yordam so‘rab turganda unga uning kimligini ayta olyapmizmi?”, degan gaplarni o‘qigan har qanday mushohada yuritadigan ongli odam uzoq o‘yga toladi. Negaki, bunday holatlar kunda-shunda atrofimizda sodir bo‘lyapti, ko‘pchilik esa bu holatga e’tiborsiz «Sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida ish tutmoqda.

Axir o‘zingiz ayting, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida inson omili, uning manfaatlari mujassam, bu jarayonda shu yurtning farzandiman, degan har bir fuqaro taraqqiyotimizning yangi bosqichidagi o‘zgarishlar jarayonida bir yoqadan bosh chiqarib, hamfikr bo‘lishi, harakat qilishi kerak emasmi? Bu yuksak ishlarni amalga oshirishda biz nechog‘li faolmiz? Bu borada vijdonimiz talab qilgan ishni bajarayapmizmi? Aksincha, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, bila turib, o‘z manfaati yo‘lida hech narsani ko‘rmadim, bilmadim deyishlik o‘ta vijdonsizlik emasmi?

«Vijdonini sotgan» kimsalar jamiyatda tarqoqlikni keltirib chiqaradi. Tarqoqlikka yuz tutilganda yuksalish bo‘lmaydi. Shunday ekan, maqola xulosasida ta’kidlanganidek, jamiyat, davlat siyosati xususida xulosa aytishdan oldin o‘z vijdoningiz tarozisining ikki pallasini diqqat bilan kuzating, o‘shanda adashmaysiz.

Zohir YuSUPOV.