Alamzadalik qayerdan paydo bo‘ladi?

Alam so‘zi hozirda ko‘proq ruhiy azoblanish, qiynalish mazmunida ishlatiladi. «Alam qilsin!» deganda kimgadir azob berganimiz bilan g‘ururlanamiz. «Alam qilganda, endi qaytarayapti…» deganda, birovga nojo‘ya gapirganimizni oqlab, yana uni gunohkor qilmoqchi bo‘lamiz.
Qachondir, qaysidir adolatsiz harakatdan yurakda paydo bo‘lgan alam, agar davolanmasa, alamzadalikka aylanadi. Alamzadalik esa, hayotiy tajribamda ko‘rayapmanki, tuzaladigan illatga o‘xshamaydi. Mabodo unga hasad va qasd qo‘shilsa, odamlar o‘rtasidagi ko‘p yillik nizoga aylanadi. Buni dunyo miqyosida davlatlar, xalqlar o‘rtasida hamon davom etib kelayotgan nizo va urushlardan ham bilsa bo‘ladi. Shu sababli xalqimizda «qaytar dunyo» degan naql bor.
Alam bor narsa, uning sababi ham aniq – adolatsizlik. Hatto g‘ashga tegishdan boshlanadigan oddiy harakat ham jabrlanuvchida alam paydo qilishi mumkin. «Sezuvchi va zararsiz narsalarga alam yetkazishdan lazzat oluvchi har bir kishidan Xudo o‘ch olsin» deb yozgan Abu Rayhon Beruniy.
Bu bejiz aytilmagan. Chunki alam inson vujudida qasd olish tuyg‘usini hosil qiladi. Alamzada insonga jamiyat manfaati hech gap emas: u faqat o‘ziga ozor yetkazgan kishidan o‘ch olish payida bo‘ladi, insonning yaxshi ishlari ham yomon ko‘rinaveradi, u boshqarib turgan tashkilotni ham dushman o‘rnida biladi.
Alam aslida mansabdan yoki mavqedan foydalanib, kimgadir ozor yetkazishdan boshlanadi. Bugun idoralarga tushayotgan shikoyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarni o‘rgangan har bir kishi buni anglashi qiyin emas. Shu sababli davlatimiz rahbari to‘rachilikning manbai hisoblangan inson omilini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.
Ba’zan rahbarlar o‘z xodimiga, mavqelilar esa o‘zidan kichik yoki ojizlarga bilib-bilmay yo atayin ozor yetkazganda shu ishining gunohligini anglab yetmaydi, «ko‘zini ochib qo‘yaman» deb o‘ylaydi. Dildagi ana shu ozor borib-borib alamga aylanadi. Boyaqish jabrdiyda shikoyat qilsa, dardini eshitish o‘rniga ba’zan uni «yozuvchi» deb yomon ko‘ramiz. Alamzadalik tufayli u chindan ham ko‘ziga yomon ko‘ringan barcha holatni yozaveradi. Unda nafaqat o‘zini ishsiz, moddiy yordamsiz qoldirgan rahbarga, balki jamiyatga nisbatan ham ishonch yo‘qoladi. Marhamat, agar ishonmasangiz, har oyda o‘nlab idoralarga turli mavzuda shikoyat yozayotgan «o‘jar» shaxs taqdirini o‘rganing, u bilan dildan bir suhbatlashing, o‘zingiz bunga ishonch hosil qilasiz.
Alamzadalikning yana bir nozik manbasi bor. Bu holat manfaat bilan bog‘liq. Gap qaysidir sabab bilan mansabidan ketgan, doimo kelib turgan daromadidan ajralgan kishilar ustida bormoqda. Bunday toifadagilarning ba’zilari eson-omon pensiyaga chiqqaniga shukr qilish o‘rniga o‘zlarini alamzada ko‘rsatishga intiladi. Bu holatga vaqti kelib men ham, ushbuni o‘qiyotgan siz ham tushishingiz mumkin. Faqat bu holatga har kim o‘z saviyasi darajasida qaraydi.
Barchamiz sezyapmiz, alamzadalik oilaviy nizolarga ko‘proq sabab bo‘layotir. Er-xotinning rashki, bir-biriga ishonchsizligi xonadonda notinch muhit yaratmoqda. Bunday janjallarga oilaning boshqa a’zolarining qo‘shilishi esa alamzadalikni katta qozonda qaynatib yuboryapti. Qo‘shni aka-ukaning, ota-bolaning, hatto opa-singillarning bitta murosa bilan bitadigan muammosi ularning bir-biriga alami uchun yillar davomida o‘nlab idoralarning o‘rganish ob’yektiga aylanib qolgan.
Hammasidan yomoni hasadning alamga aylangani. O‘zining qo‘lidan ish kelmagan ayrim kimsalar mehnati tufayli nimagadir erishgan qo‘shnisi, mahalladoshi ustidan yozgani-yozgan. Tag‘in o‘zining yonini olmaganlarni ham yomon ko‘radi, o‘zini adolatpesha qilib ko‘rsatadi.
Xo‘sh, birovga alam qiladigan darajada ozor yetkazmaslik, holatni alamzadalikkacha olib bormaslikning iloji bormi?
Albatta, bu savolga turlicha javob bo‘lishi tabiiy. Muhimi, ana shu savolni har kim o‘ziga doimo eslatib turishida. Menimcha, rahbar kishi o‘z xodimlariga munosabatda adolat va oshkoralik tamoyillariga rioya etishi, ota-ona farzandlariga mehr-oqibat, maslahat barcha nizolarga barham berishi to‘g‘risida aytib turishi zarur. Umuman jamiyatdagi ochiqlik va oshkoralik har qanday odil insondan ham ko‘proq samara beradi, deb o‘ylayman.
Bilib-bilmay kimgadir ozor yetkazib qo‘ysak, vaqt topib, samimiyat bilan uning ko‘nglidan o‘sha alamni chiqarishga urinaylik. Harakat yoki so‘zimizdan alamli odam shunday munosabatni o‘zimizga ham qo‘llashini unutmaylik. Birovga ozor berishdan, alamli bo‘lishdan barchamizni Yaratganning o‘zi asrasin.
Farmon TOShEV.