Aleksandr Lukashenkoni Gaaga sudida javobgarlikka tortish uchun hujjatlar yig‘ilmoqda

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Valeriy Sepkalo bir guruh xorijiy yuristlar tomonidan Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko va uning atrofidagilarni xalqaro Gaaga sudida javobgarlikka tortish uchun hujjat yig‘ilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Belarus prezidentligiga sobiq nomzod o‘zining YouToube kanalida ma’lum qildi.

Xususan, 9 avgust kuni o‘tkazilgan prezident saylovlaridan so‘ng norozilik namoyishiga chiqib, jabrlangan Belarus fuqarolari ko‘rsatmalari yig‘ilmoqda.

“Ushbu isbot va hujjatlarning barchasi Gaaga xalqaro sudiga taqdim etiladi. Bizda barcha zaruriy hujjatlarni tayyorlayotgan xorijiy yuristlar bor”, dedi siyosatchi.

Siyosatchining yana ta’kidlashicha, agar Lukashenko va uning atrofidagilarga nisbatan yakka tartibdagi sanksiyalar joriy etilsa, shuning o‘zi keragidan ortiq yetarli bo‘ladi.

Sepkaloning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar “Lukashenkoning ishonchli boshqaruvidagi o‘tkazmalarni amalga oshiradigan” moliyaviy fond, tijorat tashkilotlari va shaxslarga taalluqli bo‘lishi lozim.

“Ushbu odamlarning har qanday moliyaviy o‘tkazmalari muzlatiladi. Bu taqiq nafaqat xorijiy davlatlar hududida, balki Belarus Respublikasi ichidagi plastik kartochkalar orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarga ham ta’sir qiladi”, deb aniqlik kiritdi siyosatchi.