Ali Hamroyev: «Agar kino olsam, faqat Samarqandda olaman»
Ali Hamroyev 84 yoshni qarshilayotgan bo‘lsa-da, uning kino olishga, yangi asarlar yaratishga bo‘lgan mehri o‘zgacha. Italiyada yashaydi, ammo O‘zbekistonda kino olish u kishiga maroq bag‘ishlaydi.
1937 yil 19 mayda Toshkentda tug‘ilgan Ali Hamroyev Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat Kinematografiya institutini tugatgan. Rejissyor sifatida qalbimizdan chuqur joy olgan «Yor-yor», «Dilorom», "Laylak keldi, yoz bo‘ldi", "Qizil qum", "Yettinchi o‘q", "Inson qushlar ortidan boradi", "Xalq jasorati", "Mevazorlik ayol" kabi filmlar muallifi. Hozirda Samarqandda Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan “Samarqandda qovun tarovati” badiiy filmining suratga olish ishlarini olib bormoqda.
Rejissyor Ali aka film haqida, suratga olish jarayonlari, Samarqandning o‘ziga xosligi haqida gapirib berdi.
- Farzandlarim va nevaralarim bilan hozirda Italiyada istiqomat qilaman, - deydi rejissyor. – Lekin O‘zbekiston bilan ham aloqalarim uzilgani yo‘q. 10 yilda 6 ta hujjatli film ishladim. Igor Savinskiy, Galiya Izmailova, Pavel Benkov shular jumlasidan. Kinematografiya agentligi direktori mahalla haqida “Yor-yor” filmiga o‘xshash badiiy film suratga olishimni taklif qildi. Men agar film yaratadigan bo‘lsam faqat Samarqandda suratga olishimni aytdim. Garchi Toshkentda tug‘ilgan bo‘lsam-da, Samarqand o‘zining qadimiyligi, an’analarining saqlanib qolganligi bilan meni o‘ziga mahliyo etadi. Bu shaharning o‘z yuzi bor, siri bor. Rost, bu yerda eski mahallalarni, yuzida tabassum bilan sizga salom beradigan bolalarni, ko‘magini ayamaydigan xalqni, erta tongdan eshigini ochib qo‘yadigan xonadonlarni hali ham uchratasiz.
Bundan 55 yil oldin ishlangan, xalqimiz sevib tomosha qiladigan “Yor-yor” filmining ikkinchisini olish qiyin. Chunki aktyorlardan faqatgina Baxtiyor Ixtiyorov bor. O‘ylab ko‘rib, Samarqand mahallalari, xalqining turmush tarzi, oqsoqollar, to‘ylari haqida “Samarqandda qovun tarovati” ssenariysini 3 oy davomida yozdim. Chunki mahalla – bu O‘zbekistonning yuzi.
- Filmning nomidan Samarqand qovunlari haqidami, degan xayolga borasiz, ammo film mahallalar haqida ekan...
- Qovunni nima uchun qo‘shdim. Bu syujetga bog‘langan. Film Asqar otaning velosipedda bozordan chiqishi bilan boshlanadi. U velosiped bagajida bozordan sotib olgan qishki qovun bilan uyga ketayotganida chet ellik sayyohlarni olib yurgan tarjimon yigit uni ko‘rib, xursandchilik bilan tanishtiradi. “Bu mening o‘qituvchim, Asqar ota”, deydi. Shunda sayyohlardan biri yoqimli taralayotgan qovun tarovatidan sarmast bo‘lib, uning nimaligini so‘raydi. Asqar ota qishki qovun ekanligini aytadi. Uning tarovati sayyohlarni-da mahliyo etgandi.
Keyin film o‘rtasida qovunning tiliklab sotilayotgan jarayoni ko‘rsatiladi. Odamlar kelib, mazasini tatib, bobodehqondan minnatdorligini izhor etadi. Bu ham o‘zbek xalqining an’anasi.
Uchinchi lavhada Asqar otaning do‘sti kasal bo‘lib qoladi, issig‘i chiqib uyida yotadi. Xabarlashganda do‘sti Asqar otaga kelmasligini tayinlaydi – «ovora bo‘lmang», deydi. Ammo Asqar ota bitta qovun ko‘tarib, do‘stini ko‘rishga boradi. Kirishi bilanoq do‘sti qovun tarovatidan chehrasi yorishadi. “Voy buning hidini”, deydi. Shunda Asqar ota: “Ko‘ryapsanmi, sen hid bilyapsan. Qani, ta’tib ko‘r-chi”, deydi. Do‘sti tatib ko‘rib, qovunning ta’mi tilni yorishini aytadi. “Demak, ta’mni sezyapsan. Sen kasal emassan”, deya do‘stini oyoqqa turg‘azadi. Mana shu sahnalar asosida film nomi kelib chiqdi. “Samarqandda qovun tarovati”. Umuman, O‘zbekistonning har bir burchagida yetishtirilgan qovunlarning tarovati o‘zgacha.
- Suratga olish jarayonlari haqida gapirib bersangiz...
- Bu film mahallalar faoliyati, odamlarning turmush tarzi, ko‘p millatli mahallalarning totuvligi haqida. Voqealar keksa o‘qituvchi, mahallada o‘z so‘ziga ega Asqar ota bilan bog‘liq. Biz Amir Temur maqbarasi atrofi, Bibixonim mahallalarida, Registon, Toshkent ko‘chasida, Siyob bozorida suratga olish ishlarini olib bordik. Mahallada o‘tayotgan yig‘ilishning o‘zida o‘zbek, tojik, rus, yahudiy, lo‘li kabi millatlarning totuvligini ko‘rsatdik. Yig‘ilishda rus millatiga mansub ayol o‘zbek tilida gapiradi.
Urgutning Qaynarbuloq mahallasida to‘y sahnalarini tasvirga oldik. Butun qishloq to‘yga keldi. Ushbu kadrda mahalladagi haqiqiy to‘y jarayonini ko‘rsangiz bo‘ladi. Urgut havosining tozaligi, tabiatining o‘ziga xosligi bizni maftun etgani rost. To‘yda O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva “Yor-Yor” filmidagi qo‘shiqni yangicha talqinda ijro etadi. Eski filmdan shuni oldim. Juda ajoyib ijro bo‘ldi. Milliy udumlarimiz ham yoddan chiqmadi. Kelin-kuyovni kutib olish sahnalari ham kiritildi. Mahalladagi muammolar ham filmda ko‘rsatildi.
Qachon Samarqandga kelsam, bolalar salomini ayamaydi. Buni ham kinoga qo‘shdim. Shu bilan birga Baxtiyor Ixtiyorov uchun ham bitta obraz yaratdim. Boy odam ham yaxshiligini, qo‘li ochiqligini, uning ham ichki kechinmalari borligini aktyor ajoyib talqin qildi. Chunki odamlar qachonki o‘ziga to‘q yashasa, jamiyat ham boy bo‘ladi. Bu film 2021 yilning hujjati bo‘ladi. Yuz yildan keyin ham tomoshabin mana, qanaqa odamlar yashaganini, bir-birini hurmat qilganini, urf-odatlarimizni, kerak bo‘lsa, koronavirus bilan kurashayotgan xalqni, shunday vaziyatda ham odamlarning mehr-oqibati kuchli bo‘lganini ko‘radi.
Mazkur film Samarqandda yashovchi Asqar ota haqida bo‘lib, u o‘zgalarga yordam beruvchi mehribon inson. Mahallada ham katta obro‘ qozongan. Kimda qandaydir muammo bo‘lsa, Asqar otaga murojaat qiladi. Filmda yana Tohir va Zuhra, Ravshan va Lola kabi sevishganlarning taqdiri ko‘rsatiladi. Filmning barcha voqealari Samarqandda bo‘lib o‘tadi.
Film premerasi mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida bo‘lishi rejalashtirilgan.
Nasiba Jonto‘rayeva suhbatlashdi.