Alibaba asoschisi Jek Ma iste’foga chiqdi

Xitoyning eng badavlat tadbirkori, Alibaba korporatsiyasi asoschisi Jek Ma biznes rahbarligidan ketishi haqidagi xabarlar tarqalganidan bir yil o‘tib, direktorlar kengashi rahbarligi lavozimidan rasman iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini korporatsiya bosh direktori Deniel Chjan egalladi, deb xabar berdi CNBC.

Joriy yilda Forbes jurnali 55 yoshli Jek Maning davlatini 38.6 milliard dollarga baholadi va u dunyoning eng badavlat insonlari ro‘yxatida 21-pog‘onani band etdi.

Jek Ma jahonga mashhur Alibaba korporatsiyasiga 1999 yilda asos solgandi. Bugun u dunyodagi eng yirik elektron tijorat va raqamli to‘lov korporatsiyasiga aylangan. 2014 yilda u Nyu-York fond birjasida 25 milliard AQSh dollari miqdorida daromad olib, tarixdagi eng muvaffaqiyatli IPO (o‘z aksiyalarini keng omma uchun savdoga chiqarish imkoniyati)ni qo‘lga kiritgan.

Mutaxassislarning fikricha, Jek Ma iste’foga chiqqanidan keyin ham direktorlar kengashi a’zosi sifatida korporatsiyaning asosiy masalalarini hal qilishda ishtirok etadi.

Chjan korporatsiyada 12 yildan buyon ishlaydi. Ilgari u Taobao moliya direktori va Tmall prezidenti lavozimlarida ishlagan. Jek Ma uni boshqa xodimlardan alohida e’tirof etardi va 2015 yilda o‘ziga o‘rinbosar sifatida qabul qilgandi.