Alisher Navoiy voizlik haqida

O‘rta Osiyoda nutq madaniyati va notiqlik san’ati tarixini o‘rganishda Alisher Navoiyning ilmiy-badiiy merosi muhim o‘rin tutadi. Bu masalalar ona tiliga bo‘lgan buyuk muhabbati va ehtiromini o‘zining badiiy ijodi bilan amalda isbot qilgan va o‘zbek adabiy tiliga asos solgan mutafakkirning doimiy e’tiborida bo‘lganiga shubha yo‘q.

Alloma yashagan davrlarda hozir qo‘llanilib kelinayotgan nutq madaniyati, notiqlik san’ati, notiqlik, notiq, nutq tushunchalari nutq odobi, voizlik san’ati, voizlik, voiz, va’z tarzida iste’molda bo‘lgan va ular shoir asarlari matnida ham qo‘llanilgan. Shoirning «Badoyi’ ul-bidoya», «Navodir un-nihoya», «Xazoyin ul-maoniy», «Xamsa», «Lison ut-tayr» asarlari matnini ko‘zdan kechirishdan va’z so‘zining asosan pand, nasihat ma’nolarida, voiz esa pand-nasihat qiluvchi ma’nosida qo‘llanganini ko‘rish mumkin:

Yig‘layin forig‘ debon va’z ichra aylarmen maqom,

O‘z fig‘onidin sog‘inur voizi damsard ani

(«Badoyi’ ul bidoya»).

Navoiy o‘lsa kerak piri dayr bazmida xos,

Ne desa desun ani va’z ichindagi oma

(«Navodir un-nihoya»).

So‘rmog‘img‘a kelsa Majnun netti, ey ahli junun,

Va’zu pand aytib, meni bir dam xiradmand etsangiz

(«Favoyid ul-kibar»);

Bu yanglig‘ chu irshod etib va’zu pand,

Iki olam ichra bori sudmand

(«Saddi Iskandariy»)

kabi.

Alisher Navoiy voizlik san’atiga munosabat bildirgan holatlar ham mavjud. Buni mumtoz fors-tojik adabiyoti klassiklari g‘azallariga tatabbu’ qilgan ba’zi misralarda uchratish mumkin. Ulardan shoirning voizlik san’atiga jiddiy bir ish sifatida qaraganligi ma’lum bo‘ladi.

«Tatabbӯ’i Xoҷa»dagi mana bu:

Voiz, in ki az donish pandi xalq megӯyad,

Da’vatash chu zohir shud, pas daleli nodonӣ.

misralarda voizning o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatishga urinish nodonlikdan boshqa narsa emasdir, degan mazmun bor.

Tarjimasi: Voiz bilimdonligidan xalqqa nasihat qilmoqchi, da’vosi ayon bo‘ldi, bu uning nodonligiga dalildir.

Alisher Navoiy o‘z davrida bu san’at bilan mashg‘ul bo‘lgan kishilar haqida ma’lumotlar berganki, ular notiqlik san’ati tarixini o‘rganishda g‘oyatda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

Masalan, «Mahbub ul-qulub» asarining 24-fasli «Nasihat ahli va voizlar zikrida» deb nomlangan va unda quyidagilar bayon etilgan: «Voiz kerakki, «qolalloh» so‘z aytsa va «qola rasululloh» muxolafatidin qaytsa, xudo va rasul yo‘lig‘a qadam ursa. O‘zi kirgondin so‘ngra nasihat bila elni ham kivursa. Yurumagon yo‘lga elni boshqarmoq, musofirni yo‘ldin chiqormoqdur va biyobong‘a keturmak va bodiyada iturmakdur. Usrukki, elga buyurg‘ay xushyorliq – uyquvchidekdurki, elga buyurg‘ay bedorliq.

Uyqusida so‘z degan jevligon bo‘lur va degondek qilmoq ne degon bo‘lur.

Va’z bir murshid va ogoh ishidur va aning nasihatin qabul etgan maqbul kishidur. Avval bir yo‘lni bormoq kerak, andin so‘ngra elni boshqarmoq kerak. Yo‘lni yurmay kirgan itar va g‘ayri maqsud yerga yetar.

Voiz uldurki, majlisig‘a xoli kirgan to‘lg‘ay va to‘la kirgan xoli bo‘lg‘ay. Voizkim, bo‘lg‘ay olim va mutaqqiy – aning nasihatidin chiqqan shaqiy. Ulki, buyurub o‘zi qilmag‘ay, hech kimga foyda va asar aning so‘zi qilmag‘ay. Nazoirxon bila surguvchi maqol – dastiyor bila yirlag‘uvchi qavvol.

Qit’a:

Voizki, dastyorsiz o‘lmas suxanguzor,

Anga yorodu munga ayolg‘uvchi hukmi bor.

Tengri so‘zin ayolg‘uvchi bo‘lmay dey olmag‘ay,

Bir soz bo‘lsa ham kerak ul qilg‘ay ixtiyor.

Hazrat Alisher Navoiyning bu aytganlari R.Rasulov va boshqalar tomonidan yozilgan «Notiqlik madaniyati va notiqlik san’ati» o‘quv qo‘llanmasida quyidagicha izohlangan: «Voiz Haq so‘zni targ‘ib qilishi, Payg‘ambar so‘zidan chetga chiqmasligi kerak, eng avval uning  o‘zi Haq va Payg‘ambar yo‘liga kirishi, so‘ngra esa nasihat bilan elni ham shu yo‘lga solishi lozim. O‘zi yurmagan yo‘lga elni boshlamoq – musofirni yo‘ldan adashtirib, biyobonga tashlamoq va sahroda uni yo‘qotmoqdir. O‘zi mastning elni hushyorlikka chaqirishi – uyquchi kishining odamlarni bedorlikka da’vat etganiga o‘xshash bir narsadir.

Va’zxon shunday bo‘lishi kerakki, uning majlisiga bo‘sh kirgan odam to‘lib chiqsin, to‘la kirgan odam esa yengil tortib, xoli qaytsin. Voiz olim va halol ish ko‘ruvchi bo‘lsa, uning nasihatidan chetga chiqqanlar gunohkor bo‘ladi. Agar u boshqalarga buyursa-yu, o‘zi qilmasa, uning so‘zlari  hech kimga ta’sir etmaydi va foyda keltirmaydi. Voiz bilimdon, halol ish ko‘ruvchi, sidqu sadoqat bilan faoliyat ko‘rsatuvchi shaxs bo‘lishi bilan birga, xalqning ruhiyatini yaxshi biladigan, xalqning dardi bilan yashaydigan bo‘lishi kerak. Ana shundagina uning va’ziga yurak-bag‘ri g‘am-alamga, dardu tashvishlarga to‘lib kirgan kishi dardlaridan forig‘ bo‘lib, ko‘ngli bo‘shab, yengil tortib chiqadi. Qalbida ma’naviy-ruhiy bo‘shliq bo‘lgan odam esa bunday voizning suhbatidan olam-olam ma’naviy zavq olib, ko‘ngli, shuuri fikriy nurga to‘lib chiqadi».

Mutafakkir «Majolis un-nafois» asarida Mavlono Husayn Voiz Koshifiy haqida ma’lumot bergan: “Mavlono Husayn Voiz – «Koshifiy» taxallus qilur, Sabzavorliqdur. Yigirma yilg‘a yaqin borkim, shahrdadur va Mavlono zufo‘nun va rangin va purkor voqe’ bo‘lubtur. Oz fan bo‘lg‘aykim, dahli bo‘lmag‘ay. Xususan va’z, insho va nujumki, aning haqqidur va har qaysida mutaayyin va mashhur ishlari bor va musannafotidin biri «Javohir uttafsirdurkim, «albaqara» surasin bir mujallad bitibdurkim, munsifi qat’ bila yuz juz bo‘lg‘ay. Bovujudi barcha xiraliq va donoliq shahr sho‘xlaridin biri Xoja Hofizning bu matla’in bitib, minbarining ustig‘a qo‘yg‘ondur, budurkim:

Voizon k-in jilva bar mehrobu minbar mekunand,

Chun ba xilvat meravand on kori digar mekunand.

Olib o‘qug‘ach ko‘p mutag‘ayyir va muztarib bo‘lib, xili xoriji mabhas so‘zlar aytib necha vaqt va’z aytmadi. Xasmi noma’lum xud o‘z maqsudin hosil qildi. Ammo Mavlono qilg‘onining xato erkaniga voqif bo‘lg‘ach, yana o‘z ishi boshig‘a bordi. Bormasa ikki xato bo‘lur erdi. Bok yo‘qdur, aybsiz tengridur. Bu matla’ aningdurkim:

Sabz xato, zi mushki tar g‘oliya bar saman mazan,

Sunbuli tobdodaro bar guli nastaran mazan.

Manbalarda keltirilishicha, Mavlono Voiz Koshifiy Alisher Navoiyning zamondoshi, do‘sti va shogirdi bo‘lgan. Uning «Futuvvatnomai sultoniy», «Axloqi Muhsiniy», «Javohir ut-tafsir» asarlari axloq-odob masalalariga bag‘ishlangan. Yaxshi notiq bo‘lgan. Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro asarlarini xalq oldida Voiz Koshifiy o‘qib bergan.

Alisher Navoiy ustozi va piri Abdurahmon Jomiy vafotiga bir yil to‘lganda, uning qabri boshida katta maqbara qurdiradi, shoh ishtirokida yana ulkan marosim o‘tkazadi. Shu marosimda ustozi Jomiy vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiyasini o‘sha davrning mashhur olimi va notig‘i Mavlono Husayn Voiz Koshifiy o‘qib beradi.

Shuningdek, shoir «Majolis un-nafois» asarida Mavlono Muin Voiz haqida ma’lumot bergan: “Mavlono Muin Voiz – Mavlono Hoji Muhammad Farohinning o‘g‘lidurkim, mashohirdindur. Holo o‘zi dag‘i azim voizdur va muridlari ko‘p. Minbar ustida devonavor ilik tashlamog‘i va taxtani tepmagi ko‘pdur va o‘zin «Muni devona» bila ta’bir qilur va ko‘p baland va past so‘zlar aytur. Chun junung‘a mu’tarif, har nav’ so‘z aytsa ma’zurdur, she’rida vazn, qofiya va radifg‘a muqayyad emas, esa maof bo‘la olur. Bir qatla Hazrat Amir ul-mo‘’minin Alining imoni taqlidiy ekandur deganga, ul hazratning ruhidin g‘arib siyosat va shikanjalar ko‘rdi. Hamonoki tavba qildikim, qutuldi. Va og‘asi Mavlono Nizomiddinkim, donishmand va muttaqiy va darvesh ani desa bo‘lurkim, ikki qatla Hiriy shahrining qazosin taklif bila anga berdilar. Ikkalasi qatla o‘zin azl qildi. Umid ulkim, bu qatla qabul qilg‘ay va azl qilmag‘ay”.

«Majolis un-nafois» asarida Mavlono Riyoziy degan kishi haqida ham ma’lumot berilgan, uning viloyat qozisi ekanligi, minbarda turib va’z aytishi, o‘z she’larini berilib, zavq-shavq bilan o‘qishi haqida yozilgan.

Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Yahyo Mu’oz Roziy haqida quyidagi ma’lumotlarni bergan: «Yahyo Mu’oz Roziy - avvalg‘i tabaqadindur. Kuniyati Abu Zakariya va laqabi Voiz. Yusuf Husayn Roziy debdurki, yuz yigirma shayxg‘a yetibmen va ulamo va hukamo va mashoyixqa musharraf bo‘lubmen. Yahyo Mu’ozdin so‘zga qodirroq ko‘rmaymen.

Alisher Navoiy «Vafqiya»da voizlarning davlat tomonidan rag‘batlantirilgani haqida yozadi: «Voizg‘a yilliq naqda besh yuz oltun, bug‘doy o‘n yuk».

Shoir asarlaridan voizlik san’atiga doir qo‘shimcha ma’lumotlar ham olish mumkin bo‘ladi. Uning «Holoti Sayyid Hasan Ardasher» asarida Sa’diy Sheroziyning nomi tilgan olingan. Sayyid Hasan Ardasherning masnaviy bobida Shayx Sa’diyga ixlosmandligi haqida yozilgan o‘rinda asarni nashrga tayyorlovchilar tomonidan quyidagi izoh keltirilgan: «Sa’diy Sheroziy – Muslihuddin Abu Muhammad Abdulloh ibni Mushrifuddin (1203, Sheroz – 1292, o‘sha shahar) fors shoiri, adibi va mutafakkiri. Dastlabki tahsilni Sherozda oladi va Eron mo‘g‘ullar tomonidan zabt etilgach, Bag‘dodga borib, «Nizomiya» va «Mustansiriya» madrasalarida o‘qiydi. U yerda arab tili va adabiyoti, Qur’oni karim, Hadisi sharif va tasavvufni o‘rganadi. Sa’diy Sharq mamlakatlari bo‘ylab 20 yil safar qiladi. Safarda u asosan voizlik qiladi, va’zlarida axloqu adab, hikmat, hayotiy masalalar yuzasidan maroqli hikoyatlar keltiradi. Sa’diy «Guliston», «Bo‘ston», lirik she’rlar – devon muallifidir» kabi.

Alisher Navoiy asarlaridan keltirilgan bu ma’lumotlar ulug‘ shoirning til va nutq madaniyatiga, undan mahorat darajasida foydalangan notiqlarga bo‘lgan munosabatining yaqqol dalilidir. Uning o‘zi ham yirik davlat va jamoat arbobi sifatida xalq oldida muntazam chiqishlar qilib, ona tilidan foydalanish va notiqlikning oliy namunasini ko‘rsatdi. Allomaning xalqimizga yod bo‘lib ketgan «Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz», «So‘zni ko‘ngilda pishqarmaguncha tilga keltirma, Va har nekim, ko‘ngilda bor – tilga surma», «Ma’dani inson gavhari so‘z durur, Gulshani odam samari so‘z durur», «Ko‘p demak so‘zga mag‘rurlik, Va ko‘p yemak nafsga ma’murlik», «Til muncha sharaf birla nutqning olatidur va ham nutqdirki, gar nopisand zohir bo‘lsa, tilning ofatidur» kabi aforizmlari bizga hamon ona tilimizni ulug‘lashning yorqin namunasi sifatida beminnat xizmat qilib kelmoqda.

Suyun KARIMOV,

SamDU professori.