Quroqchilikdan boyib ketish mumkin(mi?)

Bola edim. Kechagidek eslayman, onam nima bo‘lishidan qat’iy nazar, yegulik qoldig‘imi yoki matoning qiytig‘imi chiqindixonaga uloqtirmasdi. Hech bir narsani uvol, isrof qilmaslikni uqtirardi.

U qo‘li gul tikuvchi bo‘lgan. Nimanidir bichsa, mato qoldiqlarini bir chetga olib qo‘yardi. Bo‘sh vaqtida o‘sha qiytiqlarni birlashtirib, quroq ko‘rpacha va yostiqlar, kashtalar hamda dasturxonlar tayyorlardi. O‘sha davrda turmushga chiqayotgan har bir qizning sepida shu mahsulotlar bo‘lishi shart edi. Shunga yarasha onamning mijozlari ham talaygina edi. Quroqchilikdan boyib ketmasligimizni, ammo shu mehnat ortidan topilgan daromad barakali bo‘lishini ko‘p aytardi onam. Darsdan bo‘sh vaqtimda onamga qarashardim.

Maktabni bitirgunimcha qo‘lim ancha kelishib qolgandi. Onam hunarini davom ettiradigan qizi borligidan xursand bo‘lib, menga o‘zining eski tikuv mashinasini sovg‘a qildi.

O‘nlab shogirdlar tayyorladim. Bir nechta zamonaviy tikuv mashinalarim bor. Ularni shogirdlarim ishlatadi. Men uchun onamdan qolgan eski matoh qadrli bo‘lgani sababli undan ko‘proq o‘zim foydalanaman.

Orada bir necha yillar kashtachilik, quroqchilikka e’tibor susayganday bo‘ldi. Shunda ham bu hunarni tashlab qo‘ymadim. Tikkan quroq kashtalarimni sandiqqa solib yig‘ib qo‘yaverdim. Keyingi yillarda hunarmandchilikka, milliy qadriyatlarimizga hurmat orta boshladi. Yiqqanlarimni sandiqdan chiqarish vaqti keldi. Ular bilan ko‘pgina hunarmandchilik ko‘rgazmalari va festivallarda qatnashyapman.  G‘oliblikni qo‘lga kiritib kelyapman. Asosiysi, xorijlik mijozlarim safi kengayib boryapti. 

Faqat quroqchilik bilan cheklanib qolmay, qo‘g‘irchoqlar yasashniyam yo‘lga qo‘yganman. Avvalo, o‘zimning, yaqinlarim va shogirdlarimning, shuningdek, tumanimiz xotin-qizlarining salomatligini mustahkamlash uchun xizmat qiladigan “fitnes klub” tashkil qilganman.

2023 yilda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasida qatnashdim. Shogirdlarimniyam olib bordim. Ulardan biri - nevaram Jasmina. Qo‘g‘irchoqlarning aksariyatini u tayyorlaydi. Shuningdek, ingliz tilini yaxshi biladi. Ana shunday xalqaro tadbirlarda biz tarjimon xizmatiga muhtoj bo‘lmaymiz.

Shogirdlarimning ko‘pchiligi - yoshlar. Imkon darajasida ishsizlikdan qiynalib yurgan xotin-qizlarga hunar o‘rgatishni istayman.

Bundan bir yilcha oldin Toshkentga ketayotganimda taksida bir qiz bilan yonma-yon o‘tirib ketdim. Ko‘rinishidan juda tushkun kayfiyatda edi. Avval yaqindan tanishdim. Ismi Durdona ekan. Keyin ko‘ngliga quloq solishdim. Manzilga yetguncha dardlashdik. Oilaviy masalalar va ishsizlik muammosidan shu holatga tushib yurgani ma’lum bo‘ldi. Ham ruhiy jihatdan, ham moddiy tarafdan qiynalib yurgan ekan. Uni “fitnes klub”imga taklif qildim.

Oradan bir necha kun o‘tgach, u keldi va biz tayyorlayotgan hunarmandchilik mahsulotlari bilan tanishdi. Tikuvchilikka qiziqishi borligini aytdi. Shogirdlikka oldim. Oradan ko‘p o‘tmay tushkun kayfiyatidan asar ham qolmadi. Bugungi kunda o‘rgangan hunari ortidan oyiga 4-5 million so‘m daromad topyapti.

Quroqchilikdan kishi boyib ketmasligi mumkin, ammo rohat-farog‘atda yashaydi. Tayyor bo‘lgan mahsulotni tomosha qilishning o‘zgacha zavqi bor. Topilgan daromad ro‘zg‘orga yordam bo‘lyapti. Qolaversa, xorijiy davlatlarga sayohatga borib kelyapman. Pensiya yoshida bo‘lsam-da quroqchilikni qo‘ldan qo‘yganim yo‘q. Kuchim bor ekan, ham rohatlanishim uchun, ham  daromat topishim uchun shu hunar bilan shug‘ullanaveraman.

Rahima Hakimova,

Ishtixon tumani.