Alisher Qodirov barcha ayollarning ish vaqtini qisqartirishni taklif qildi
Farzandi bog‘chaga borayotgan byudjet tashkilotida ishlaydigan ayollarning ish haqi kamaytirilmagan holda ish vaqtini qisqartirish belgilandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov o‘zining telegram sahifasida bunga qo‘shimcha o‘z taklifini yozib qoldirgan.
“Bog‘chadan farzandini vaqtida olishiga vazifasi xalaqit berayotgan ayollarga ish vaqtini qisqartirish juda yaxshi, lekin bu masalaning yarmi… Ishlaydigan, oilali ayollar uchun ertalab ishga bir soat kechroq kelish va ish vaqtidan bir soat vaqtliroq ketishni rasmiylashtirish kerak”, degan Qodirov.
Deputatga ko‘ra, agar shunday qilinsa, ayol xodimning ish samaradorligi sezilarli oshadi, oilada muhit o‘zgaradi.
“Qolaversa, natija ko‘p ishlash emas, samarali ishlashning hosili ekanini hamma tan olmasa ham, juda yaxshi biladi”, deydi Qonunchilik palatasi vakili.