Alisher Qodirov maktablardagi bir qator kamchiliklarni sanab o‘tdi
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining deputatlari tomonidan joylarda umumta’lim muassasalarini epidemiologik murakkab vaziyatda ochish uchun tayyorgarlik darajasini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar kengashi deputatlari Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ayrim umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi aniqlangan quyidagi kamchiliklar bo‘yicha kengashga xulosa kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
— Hokimliklarga maktablarni dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu topshiriq maktab direktorlari, o‘qituvchilar va homiylar zimmasiga yuklanmoqda;
— Tuman SEO markazlari tomonidan maktablarda o‘rganishlar olib borilmayapti. Ko‘p maktablarda tibbiyot xonalari va izolyatorlar jihozlanmagan. Hamshiralar va shifokorlar biriktirilmagan;
— Maktablarda kirish yo‘laklari tashkil etilmagan, yo‘nalish sxemalari chizilmagan, sinfxonalarda ijtimoiy masofa saqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar talab darajasida tashkil etilmagan;
— An’anaviy rejimda o‘qish istagini bildirganlar ko‘p. Maktablardagi ko‘p sinfxonalar karantin talablariga moslanmagan;
— O‘qituvchilar va maktab xodimlarini COVID-19 testidan o‘tkazish ishlari yakuniga yetkazilmagan;
— Tibbiy niqoblarni utilizatsiya qilish uchun alohida urnalar bilan ta’minlanmagan.
O‘rganishlar barcha hududlardagi deputatlarimiz tomonidan olib borilmoqda. Farzandlarimiz xavfsizligi masalasida e’tiborsizlik jinoyat, deb baholanishi kerak.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi.