Emlanmaganlarni cheklov kutmoqda
Avvalroq, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Covid-19” yuqish darajasini pasaytirish va ijtimoiy immunitetni tashkil etish maqsadida aholini vaksinatsiya qilish ishlarini jadallashtirish taklifi bildirilgan edi.
Ushbu taklifdan kelib chiqib, tegishli qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu haqda partiya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Fraksiya yig‘ilishida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Qonun loyihasida “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda. Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi ko‘zda tutilmoqda.
Buning natijasida koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqinlari oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi. Yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.
Bugun bu ofatdan himoyalanishning yagona yo‘li emlanish ekani e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, fuqarolarning vaksinalarga bo‘lgan ishonchsizligi oqibatida emlashdan faqat 1 mln. 27 ming kishi o‘tgan, xolos. Bu 18 yoshdan oshgan aholining 4,8 foizini tashkil qilmoqda. Jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun esa aholining 60-80 foizi emlanishi talab etiladi.
Xitoyda vaksinalarga bo‘lgan ishonch 90 foiz, Braziliyada 80, Hindiston, Indoneziya va Tailandda 70, Turkiya va Meksikada esa 60 foizni tashkil etmoqda. Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlarda majburiy vaksinatsiya amaliyoti joriy etilgan.
Deputatlar ushbu qonun loyihasining ayni kundagi ahamiyatini hamda kasallikning yuqumlilik ko‘lami oshib borayotganligini e’tiborga olib, qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladilar.