“Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirov samarqandlik saylovchilar bilan uchrashdi.
Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida videoanjuman tarzida o‘tgan tadbirda partiyaning viloyat, shahar va tuman kengashlari faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari a’zolari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hunarmandlar, sportchilar, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari, ko‘p sonli saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi, nomzodning ishonchli vakili Akbar Axtamov yig‘ilganlarni Alisher Qodirovning tarjimai holi bilan tanishtirdi hamda yurtdoshlarimizni saylovda faol ishtirok etishga va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ishtirokchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, tarbiya va ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining eng ustuvor vazifalaridan ekanini, saylovoldi dastur aynan ushbu vazifalar asosiga qurilganini ta’kidladi.
Nomzodning saylovoldi dasturi 5 ta asosiy yo‘nalish, jumladan, tarbiya va ta’lim, davlat boshqaruvi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta’minlash, tashqi siyosat sohasini qamrab olgan. Shu ma’noda partiya o‘z g‘oyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishga harakat qilmoqda. “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” shiori ostida aholining yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish, ta’lim-tarbiya uzluksizligini ta’minlash, milliy urf-odatlar va qadriyatlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish kabi ezgu maqsadlarni ustuvor biladi.
– “Yangi avlod” Davlat dasturi qabul qilinib, “Oila – bog‘cha – maktab” yagona tizimga birlashtiriladi, – dedi A.Qodirov. – Bog‘chalar davlat qaramog‘iga olinadi. Tarbiyachilarning ish haqi oshiriladi, bog‘cha guruhlarida bolalar sonini 15 nafardan oshirmaslikka erishiladi. Maktablarda boshqaruv, o‘qituvchiga munosabat va tarbiya-ta’lim ishlari tubdan o‘zgartiriladi. O‘qituvchilarga ish haqi kamera kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilanadi. Bunda eng yaxshi dars bergan o‘qituvchi yuqori, sifatsiz dars bergan o‘qituvchi kam maosh oladi. 10 yil va undan ortiq vaqt o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan pedagogga oylik maoshining 50 foizini ustama sifatida qo‘shib berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, o‘qituvchilarga 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqi beriladi.
Uchrashuvda Alisher Qodirov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
Tadbirda turli soha vakillari ham so‘zga chiqib, nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi va ishtirokchilarni saylovda Alisher Qodirovga ovoz berishga chaqirdi.